Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yig‘layotgan” obidalar
12:53 / 2020-12-12

Shu kunlarda internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizdagi ayrim tarixiy ob’ektlarga zarar yetkazilganiga oid xabarlar tinmayapti.

Jumladan, Xivadagi Tosh hovli yodgorlik ob’ektining devori xususiy korxona tomonidan buzib tashlanganiga oid xabar ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Madaniy meros departamenti tomonidan aniqlanishicha, ushbu ob’ekt devor qismi buzilishiga sabab buyurtmachi tashkilot –«Ichan- Qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasi bo‘lib, «Surgut neft stroy» pudratchi xususiy korxonasi tomonidan joriy yilning 8 dekabr kuni devor tepa qismi buzilgan.

Ushbu muzey-qo‘riqxonasida har qanday ta’mirlash-tiklash ishlari Departament qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi asosida bajarilishi va YUNESKO bilan kelishish zarurligi aniq belgilangan bo‘lsada, ammo loyiha Ilmiy-ekspert kengashiga kiritilmagan va saroyda loyihasiz ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilgan.

Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatidagi miloddan avvalgi IV asr oxiri milodiy II asrga oid Kampirtepa (Oks Aleksandriyasi) arxeologik yodgorligining qadimgi devori buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham jamoatchilikni ranjitmoqda.  

Arxeolog Edvard Rtveladze  antik davrga oid eng qo‘hna ushbu yodgorlikda 40 yil davomida tadqiqot-qazilma ishlarini olib bormoqda.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir vaqtlar yodgorlikning sharqiy qismida restavratsiya ishlari olib borilib, uning kirish qismida ramziy devor qurilgan. Manbalarda aytilishicha, joriy yilning noyabr oyida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Kampirtepa yodgorligining janubiy-g‘arbiy devorining o‘rta qismi konservatsiya qilinmaganligi sababli qulagan. E.Rtveladzening fikricha, bunday buzilish o‘tgan yili bo‘lgan va bu yil devor buzilishida ham takrorlanib, bu ataylab qilingan. Vaholanki, shu yilning noyabr oyida olim yodgorlikni borib ko‘rganida, hech narsa buzilmagan edi.

Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti xodimlari akademik Edvard Rtveladze bilan suhbatdan so‘ng quyidagilarga qaror qilinibdi:

1. Kampirtepa yodgorligi devorining buzilishi yuzasidan Madaniy meros departamenti tomonidan Bosh prokuraturaga tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilish.

2. Olimning tavsiyasiga ko‘ra, restavratsiya ishlarini bahorda boshlash uchun devorning buzilgan qismini mustahkamlovchi vositalar yordamida qalin plyonka bilan yopish tavsiya etilgan.

3. Kampirtepa yodgorligidagi ushbu devorni tiklash respublika byudjetidan 2021 yilda ta’mirlanadigan moddiy meros ob’ektlari dasturiga kiritiladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, Namangan viloyatidagi «Qolgandaryo» masjidi ham xarob ahvolga kelib qolgani yurtdoshlarimiz va media tuzilma vakillarining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Madaniyat vazirligi axborot xizmati bilan bog‘lanib, ushbu holatlar yuzasidan ma’lumot so‘raganimizda, kelayotgan haftada mavzu yuzasidan press-konferensiya o‘tkazilishi va unda tegishli savollar bo‘yicha javob olish mumkinligi aytildi.

Ehtimol javobi ham aytilar, biroq tarixiy-madaniy merosimizni himoyalashda anjumanlar, bir necha kunlik forum va kongreslardan ko‘ra ko‘proq amaliy ishlarga o‘tilsa, yodgorliklarimizni, ularga qo‘shib esa tariximizni asrab qolgan bo‘larmidik?...

Zero, Prezidentimiz havoyi gaplaru tadbirbozlikdan ko‘ra yurtga, xalqimizga nafi tegadigan, natijador ishlar bugun har qachongidan ham dolzarbligini ko‘p marta uqtirmoqda.