Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yigitlar, hoʻ, yigitlar...”
10:30 / 2020-09-23

Old oʻrindiqda – haydovchining yonida ketayotgan yoshi elliklarga borgan yoʻldoshimiz yoʻl haqqiga duo qilgach, xuddi bizni izlab yurganday, gap boshladi.

Odamlar orasida

Biz oʻtirgan mashina Toshkentdan chiqib joʻnadi. Old oʻrindiqda – haydovchining yonida ketayotgan yoshi elliklarga borgan yoʻldoshimiz yoʻl haqqiga duo qilgach, xuddi bizni izlab yurganday, gap boshladi. U quyidagi mavzuda gapirarmidi-yoʻqmi, yonimda, orqa eshik tarafda ketayotgan yigitning telefondagi mana bu gaplari hamroh akamizning gap xaltasini ochib yubordi. Yigit telefonda kimgadir, chamamda unashtirilgan qiziga shunday derdi:

– ...Menga yashil ranglisi yoqadi. Toza “tureskiy” boʻsin-da. Tagʻin, “tufta” narsa koʻtarib yurma. Razmerimni bilarsan. Ha, shimga remen ham esdan chiqmasin...
Teshik quloq eshitadi. Yigit kishi kimga shunday deyishi mumkin. Uylangan erkak bunday tannozlik qilmasa kerak. Harholda, u gaplashib boʻlgach, negadir koʻnglim gʻashlandi va oʻsmoqchilab savol tashladim:

– Kelinmi, deyman-a?

– Ha, boʻlgʻusi keliningiz... – dedi yigit beparvogina. Xuddi hamma undan qarzdorday. Soʻng marsinib qoʻshib qoʻydi. – Toʻqqiz tovoqqa sarpo olayapti bozorda.

– Toshkentdami?

– Yoʻq, oʻzimizda. Shoʻrchida...

Shoʻrchida, Shoʻrchining bozorida. Surxonning yozdan qolishmaydigan kuzgi issigʻida, tirband odamlar oralab onasimi, yangasimi bilan bozorda terlabgina yurgan munis bir qizning yoshgina qiyofasi koʻz oldimda bir koʻrinib ketganday boʻldi. Boshim qizidi. 100 tezlikda ketayotgan “Kobalt”ning eshigini shahd ochib kuyov boʻlmishni irgʻitvorgim keldi. Uning gap-avzoyidan jinim qoʻzidi. Oʻzi boyadan beri gupillab turgan atirining hididan lohas boʻlib kelayotgandim. Ammo unday qilolmayman – irgʻitib yuborolmayman. Jim ham ketolmayman. 

Yo, tavba! 

Bunday palakmurdalar Surxondaryoning qaysi goʻrida katta boʻlayapti ekan. Ammo old oʻrindiqdagi aka fikrimni uqqanday, orqaga – biz tomonga yarim oʻgirilib gapga tushib qoldi-ku:

– E, birodarlar, Xudo bizni oʻgʻildan qisdi – taqdir beshta munchoqday qiz bilan siyladi. Ming-ming shukrlar boʻlsin! Kimlardir tirnoqqa zor boʻlgan dunyoda uyimiz ham, koʻnglimiz ham butun, biri-biridan suluv qizlarimiz bor. Qiz bola degani shoʻx ekinday gap. Onasi tandirga non yopayotganda bir qarich jinqarcha boʻlsa, non tandirdan uzilayotganda boʻy yetib qoladi. Odam oʻzi sezmay qolarkan. Ayniqsa, bizning uydagidek koʻpchil boʻlsa... Xudoga shukrki, barcha zaifalarim onasiga oʻxshab mehnatkashgina. Oʻzim maktabda muallimman. Omon-omon zamonlarda oʻqib olganmiz. Maktabga borib-kelib, shu poloponlarni oʻstiryapmiz. Ayolimiz uyda. Qizlarim ham daladagi ishlardan boʻyin tovlamaydi. Piyoz, kartoshka yigʻim-terimi bormi, oʻtoq qilishmi, hammasini qilib ketaveradi. Oʻzlarining menga ogʻiri tushishini istamaydi. Elda “Bir qizni boqishdan koʻra, bir suruv qoʻyni boqish oson,” degan gap yuradi. Ammo qizlarim esli, hayoli boʻlib oʻsdi. Xudo yuzimizni yerga qaratmasin!..

Ammo hozir boshqa gapni aytmoqchiman.

Bu yil uchinchi qizimni unashtirib qoʻydik. Nasib etsa, karantinlar sal yumshasa – toʻy. 30 kishilik deyilsa, 30 kishilik, kattaroq boʻlsa, kattaroq... ishqilib oʻzi bilan oʻzi boʻlsa, bas-da...
Biroq meni bir oʻzbek, bir erkak sifatida boshqa narsa oʻylantirib qoldi. Gap shundaki, ikki hafta avval quda tarafdan qizimizga toʻy keldi: kelishilganidek 6 ta qoʻy, toy paxta, gilam-pilam, otning beliday boʻxcha, oʻn yashik qand-qurs... va hokazo... xullas ikki moshin narsa. Tagʻin, sut puli, qalin puli... Bu udum avvaldan bor. Qudalar kelib ketishdi, qoʻni-qoʻshni, xeshu taborni ham chorladik. Imkon qadar hammani kuzatdik.

Mehmonlar ketgach, ayolim astagina yonimga keldi. Bir yerga, bir menga qarab aybdorona gap boshladi. Bilaman, u mendan bir nima undirmoqchi boʻlsa, shunday yerga singalab, sipoyi boʻlib qoladi.

– Mana, qudalarni ham kuzatdik, otasi... yaxshi boʻldi...
– Aytaver, kampir, – dedim, – nima demoqchisan? Biror qudagʻayning sarposi kam boʻldimi?

– Yoʻgʻ-ye, hammasi tus-tugal, kami qolmadi. Endi kelgusi hafta toʻqqiz tovoq yuborishimiz kerak, kuyovnikiga... shunga...
– Toʻqqiz tovoq kuyov kelinni opketgali kelganda oldiga yozilgan dasturxonga qoʻyilmaydimi? – dedim ensam qotib.
– Yoʻq, hozir kuyovning uyiga toʻqqiz tovoq yuboriladi. Toʻqqiz xil taomdan tashqari kuyovga bir yaxshi sovgʻa ham beriladi.
– A?

– Ha, shunday. Kuyovga yaxshi kostyum-shimmi, xolodilnikmi, ishqilib zoʻr sovgʻa berish kerak.
– Uch oyoqli velosiped bersa boʻmaydimi? – deb yubordim gʻijinib.

– Qiziqmisiz? Odamning ustidan kulmang...

Beixtiyor sovuqqina ter keldi peshonamga. Xotinimning gaplarini hazm qilolmay hayron edim. Qanaqasiga? Kuyov degani ob kelmaydimi sovgʻani? Ilgari qiz tarafga yuborilardi, endi teskarisimi? Tavba!

– Tavba, – dedim ovoz chiqarib, – bu kuyovlarga nima boʻlyapti oʻzi?

– Endi nima deysiz, otasi, zamon talabi shunday boʻlyapti. Ana Toshkentlarda kuyoviga uy, mashina olib berayotgan emish. Kuyovni paygʻambarlar ham siylagan. – Xotinim meni “eritish” uchun jagʻ qayrashga tushdi. – Hali kuyov kelganda “kuyov oʻtirmadi” ham bor. Otasi, mahkam boʻlavering. Undayam bir “terlaysiz”...
Men achchigʻim chiqsa-da, indamay undan nari ketdim.

Ketib qayga ham borardim – tomorqani bir aylanib keldim. Ancha hovrimdan tushdim. “Nachora el qilayotgan boʻlsa, qilamiz. Qizimizni birovdan kam qilmaymiz. Ertaga bir umr yashab qoladigan joyi oʻsha yer. Shu arzimagan narsani yuziga solib yurishmasin...” Shu kabi xayollar bilan oʻzimni ovutib-sovutib, koʻndirib, hovliga qaytdim.

Ammo... dilimning chetiga gʻuborday qoʻngan narsa boshqa... Yaʼni kuyovning – er kishining qiz tarafdan bir narsalar umidvorligi... Bu qanday boʻlarkin? Biz ham yosh boʻlganmiz. Oʻqishlarda bironta qiz bilan koʻchaga chiqsak, qiz bolaga hech narsa xarjlatmay, yedirib-ichirib, oxirgi pulimizni taksiga berib, avval qizni uyiga kuzatardik. Soʻngra, pul qolmasa, piyodalab ijaraxonaga yoʻrtardik. Ammo qiz bolaning oldida past ketmasdik, pulimiz yoʻqligini bildirib shumshaymasdik. Hozir ayrim uyatsiz bolalar boyvachchalarning qizining boshini aylantirib, ularning hisobiga kun koʻrib yurarmish. Shu ham erkakning ishimi? Hali kuyov kelinni ob ketishga kelganda, uning joʻralari “Kuyovingiz oʻtirmayapti, bir narsa atang,” degan gap ham bor. Biz yana xotin aytganday bir “terlaymiz”: “Gulday qizimni berdim, bir yulduzimni berdim. Kamiga bir buzoqli sigir berdim! Oʻtiraqoling, kuyovtoʻra!” Kuyov qurgʻur oʻtirsa-oʻtirdi, oʻtirmasa, tagʻin qoʻshamiz...

Dod-yey, Erkaboy muallim! Oʻlmagan sening joning!

Xotinning gapini qarang – Toshkentda uy berarmish, mashina berarmish! Bekorlarning beshtasini aytasan, sen – sochi uzun, aqli kalta. Ana, Dilshodboy degan buxorolik aka bor. Oʻzi zoʻr shoir, Toshkentda yashaydi – shu kishi oʻgʻil uylantiribdi. Qiz tarafdan bitta sochiq ham olmabdi. Agar bersalaring, toʻy boʻlmaydi, deb boshidan kelishib olibdi. Oʻgʻli ham ota oʻgʻil ekan: shunday qiling, ota, debdi. Poytaxtda ishlaydigan qishloqdoshimizga oʻzi gurung beribdi. Ana, Toshkentdayam oʻzini hurmat qilgan yigit boʻlajak ayolidan muttaham boʻlmay hayotini boshlayapti.

Shunday boʻlgach, hoʻ, yigitlar, oʻzlaringizga qaranggizlar! Boʻlmasa, hamma narsani ayolning hisobidan keltirib, ertaga uyda “bola bogʻcha” boʻlib, burchakkinada yelka qisib oʻtirib qolasizlar. Yigit boʻlsangiz, ayol kishining qoʻliga qaramang, ayol kishi bilan bahslashmang, ayolga kek saqlab yurmang. Ayolni... yaxshi koʻring, ardoqlang. Juda boʻlmasa, seniki maʼqul deb, yoʻlingizga ketavering...

Bu alomat gurungni berib ketayotgan hamrohimiz Erkaboy akadan koʻz uzmagan holda, yonimda jim borayotgan yigit haqida oʻylardim. Unga burilib qarolmasdim. Negadir oʻngʻaysizlanardim. Shuning uchun mavzuni biroz yumshatmoqchi boʻldim:

– Endi, domla, – dedim salmoqlab. – Bu gaplarni, oʻzbekning toʻyini, urf-odat deb oʻylab topayotgan narsalarini bundan yuz yil avval Avloniy bobo ham, Behbudiy, Qodiriy hazratlari ham aytgan, tanqid qilgan. Yuz yildan beri bizning oʻzbekni toʻy masalasida tartibga olib boʻlmayapti. Hatto hukumat toʻy-hashamni ixchamlashtiringlar, deb qarorlar qabul qildi. Lekin bizga taʼsir qilmayapti...

– Ha, men tushunaman, ogʻajon. – Erkaboy aka gapni ilib ketdi. – Toʻy yaxshilik. Toʻy xayrli ish, ehson, savob. Biz bagʻrikeng, borini mehmonga tutadigan xalqmiz. Lekin men oriyat masalasini aytyapman. Qolaversa, xalqning ichida qoʻli kaltaroq, kambagʻalroq roʻzgʻorlar ham bor. Shunday odamlarning ham biznikiga oʻxshagan xotini bor. Eldan kam boʻlmasin, deb bechora erni tentak qiladi bu ayollar...

Erkaboy muallim bir pas jim qoldi. Soʻng mutlaqo boshqa ohangda soʻzlay boshladi.

– Ha, nima ham derdik. Oʻzi oʻylab koʻrsam, har bir xalqning oʻz yoʻli bor ekan: oʻris qurgʻur ichib zavq qilarkan, hind qoʻshiq aytib, oʻynab, oʻzbek degani toʻy qilib maza qilar ekan. Dunyoda oʻzbekday borini elga sochganidan quvonadigan boshqa xalq boʻlmasa kerak. Oʻzbekni mayib qiladigan, kambagʻal qiladigan narsaning birovi ham shu toʻy.
Ha, endi, muallim xalqi koʻp gapiradi. Sizlarning ham boshlaringizni ogʻritib yubordim. Qani, shopirjon, muzikadan qoʻying...
Haydovchimiz magnitofon murvatini buragan edi, yarmiga kelib qolgan qoʻshiq yangrab ketdi:
...Shinanay, yorim, shina-shinanay...

Zimdan yonimga – olifta yigitga qaradim. Oʻzini bilsa, unga muallim yaxshigina dars berib qoʻygan edi. “Qalay boʻldi? Taʼziringni yedingmi?” degan mazmunda unga tomon burilib boqsam, netongki, yigitimiz uxlab qopti. Yo oʻzini uxlaganga soldimikin, bilmadim...
...Shinanay, yorim, shina-shinanay...