Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yigirma ming tup ko‘chat: Toshkentda yana bir yirik bog‘ bo‘ladi
17:44 / 2024-04-15

Prezident tashabbuslari – amalda

Qaysidir hududda bir hamyurtimiz gektar-gektar maydonda bog‘ yaratishga kirishgan. Yoki jajji nabirali bo‘lgan otaxon tomorqasiga yaxshi niyat bilan bir tup ko‘chat qadamoqda.

Bu ikkisi haqida so‘z borar ekan xalqning “Ezgu amalning katta-kichigi bo‘lmaydi” degan naqli yodga tushadi.

Mamlakatimizda to‘qqiz ming besh yuzga yaqin mahalla bor. Shaharlarimizda ming-minglab ko‘p qavatli uylar mavjud. E’tibor bering, bu yil bahorda bu manzillarda ko‘chatlar ekilishiga har yilgidan boshqacha kirishildi.

Yurtimizda yashil maydonlarni ko‘paytirishda  yaxshi tajriba qo‘llanilmoqda. Ya’ni, yangi qurilishlar maydonining kamida 30 foiziga daraxt ekish majburiyati qo‘yilib, ko‘chat navigacha belgilab berish amaliyoti joriy qilinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil topshiriladigan ikki ming besh yuzta ko‘p qavatli uylar hududining tegishli maydonida, “Yangi O‘zbekiston” massivlarining har birida kamida bir gektardan yashil xiyobonlar tashkil qilinishi belgilangan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga bu borada alohida vazifa qo‘yilgan. Vazirlik tomonidan joylarda to‘rt yuz ellikka yaqin yashil bog‘, qator jamoat parklari tashkil qilish, “Mening bog‘im” loyihasini ishga tushirish topshirilgan.

Bu keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yildan – “Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berilgan paytdan boshlab amalga oshirilmoqda.

Mavzu doirasida ko‘plab raqam va faktlarni keltirish mumkin, lekin faqat umumiy gaplarni aytishdan yiroqmiz. Bugun poytaxtimizning Sergeli tumanida tashkil etilayotgan Yoshlar bog‘ining ahamiyati haqida to‘xtalamiz.

Toshkentning o‘ziga xos yashil go‘shasi, yosh-u-keksa bilan gavjum bo‘ladigan maskanlaridan biriga aylanishi kutilayotgan bu bog‘ga dastlabki ko‘chat ekish tadbirlari 19-mart kuni bo‘lib o‘tgan edi. Unda davlatimiz rahbari ham ishtirok etdi.

Prezident o‘shanda xalqimiz hamisha daraxt ekishga intilganini ta’kidlagandi. Amir Temur Samarqand atrofida so‘lim bog‘lar barpo etgani, boshqa shaharlarni ham obod qilganini aytgandi. Shavkat Mirziyoyev bu borada ham buyuk bobolarimizga munosib bo‘lishimiz zarurligini qayd etgan.

Keyingi yillarda poytaxtning ekologik vaziyatini yaxshilash maqsadida hududda “yashil belbog‘” tashkil etilmoqda. Mazkur bog‘ shu halqaning muhim bo‘g‘ini bo‘ladi.

– Bu bog‘ning maydoni 75 gektardan ziyod, – deydi loyiha arxitektori Nuriddin Sagatov. – Loyihasining dastlabki qiymati 92 million dollar. U hududi jihatidan poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston” bog‘idan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bog‘ 7 ta katta yirik maydonga bo‘linadi. Markaziy xiyobonda turli bo‘limlar bo‘ladi. Shuningdek, ming o‘rinli ochiq amfiteatr, milliy va xalqaro gastronomik zonalar barpo etiladi. Ochiq havoda ovqatlanish va qiziqarli mashg‘ulotlar uchun alohida joylar bo‘ladi. Musiqiy favvoralar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, san’at ko‘rgazmalari va lazer-shou imkoniyatlari yaratiladi. Bolalar uchun sport va o‘yin maydonlari, mashhur ertaklardagi qishloqlar bo‘ladi. Ustaxona, kutubxona tashkil etiladi. Sun’iy ko‘l, kanoe va suzish havzasi, baliq ovi dam oluvchilar manzur bo‘ladi.

Birinchi bosqichda ming tupdan ziyod kashtan, eman, sharq chinori, qizil kurtak, magnoliya, gujum kabi manzarali daraxtlar hamda buta va gullar ekiladi. Loyiha yakuniga qadar ularning soni 20 ming tupga yetadi.

Yana bir e’tiborli tomoni, bu bog‘da tabiiylik, o‘rmon shakli, ekzotik manzara hosil qilinadi. Bog‘da aholining o‘zlari ham daraxt ekib, parvarish qilishlari uchun imkon bo‘ladi.

Qanday ajoyib manzara?! Toshkent shahri jamoatchiligi, davlat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari, yoshlar yangi bog‘ga ko‘chat ekmoqda. Shu tobda kimdir “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tashkil etilgan ko‘chat ekish marosimini yodga oldi. Yana boshqasi esa bugun o‘sha ko‘chatlar katta daraxtga aylanib ulgurganini ta’kidladi.

Hasharchilarning suhbatiga shoira Zulfiyaxonimning qalbga yaqin misralari aralashib ketganday tuyuladi. Quloqqa o‘sha satrlar chalinadi.

Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi hali...

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA