“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi qoshida faoliyat yurituvchi “Siyosatchi ayollar” klubining navbatdagi yig‘ilishi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, partiya viloyat kengashi rahbariyati va xodimlari, mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputat ayollar, shuningdek, sohada mas’ul bo‘lgan mutasaddilar ishtirok etishdi.
Yig‘ilish davomida 2025-yil faoliyati tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilinib, amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va vazifalar belgilab olindi. Shu bilan birga, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish, joylarda aniqlanayotgan muammolarni deputatlar bilan hamkorlikda tizimli va samarali hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda so‘z olgan partiya viloyat kengashi raisining o‘rinbosari Gulchehra Sharipova xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni yanada kuchaytirish, deputatlik faoliyatini aholi manfaatlariga xizmat qildirish, mahalliy muammolarni “mahallabay” yondashuv asosida hal etish bo‘yicha muhim tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, “Siyosatchi ayollar” klubi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Abira Huseynova 2025-yil yakunlari bo‘yicha batafsil hisobot taqdim etdi. Hisobotda joriy yil davomida amalga oshirilgan loyihalar, ijtimoiy tashabbuslar, aholi bilan ishlashda erishilgan natijalar hamda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar atroflicha yoritib berildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati a’zosi Moyra Tosheva ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy tashabbuslarini rag‘batlantirish, qonunchilik darajasida ilgari surilayotgan islohotlarning joylardagi ijrosini ta’minlash masalalariga to‘xtalib, bu yo‘nalishda partiya va deputatlar faoliyatining ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Partiyaning Buxoro tumani Kengashining deputati Nafisa G‘aybullayeva esa hududlarda aholi bilan “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash tizimi asosida olib borilayotgan amaliy ishlar, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha to‘plangan tajribalar haqida so‘z yuritdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2025-yil davomida “Ayollar qanoti” tomonidan tasdiqlangan ish reja asosida jami 247 ta tadbir tashkil etildi. Shuningdek, 52 ta videorolik tayyorlanib, mazkur tadbirlarda jami 6085 nafar xotin-qiz ishtirok etdi. “Uyma-uy” loyihasi doirasida 3243 ta xonadonga tashrif buyurilib, 1576 nafar xotin-qiz qamrab olindi. Natijada bandlik bo‘yicha — 356 ta, bank krediti bo‘yicha — 167 ta, “Ustoz-shogird” an’anasi asosida kasbga yo‘naltirish bo‘yicha — 207 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar bo‘yicha — 284 ta, uy-joy va yer-mulk masalalari bo‘yicha — 113 ta muammo ijobiy hal etildi.
Joylarda 399 ta sayyor qabul va uchrashuvlar o‘tkazilib, jami 6305 nafar aholi qamrab olindi. Kelib tushgan 600 ta murojaatdan 438 tasi ijobiy hal etildi. “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar muammolari yuzasidan 685 ta masala o‘rganilib, shundan 561 tasi ijobiy yechim topdi.
Yig‘ilish yakunida deputatlik faoliyatini samarali va tashabbuskorlik bilan olib borayotgan faol a’zolar munosib e’tirof etildi, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim deputatlarga tegishli tavsiyalar berildi hamda 2026-yil uchun aniq maqsad va ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri