Nurafshon shahrida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev raisligida hududda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat sektor rahbarlari, shuningdek, videokonferensaloqa orqali shahar-tumanlar sektor rahbarlari, mutasaddi idora-tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda beshta masala muhokama qilindi va bu borada mas’ullarning axboroti tinglandi. Dastlab viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko‘rsatkichlarining 9 oylik yakunlari tahlil qilinib, bunda sanoat, chakana savdo, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasida mahsulot hamda xizmatlar hajmining o‘sish sur’atlari ko‘rib chiqildi.

Xususan, viloyatdagi 44 ta yirik korxonada ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygani keskin tanqid qilindi. Shuningdek, kichik biznes sub’ektlari ko‘rsatkichlarini statistik hisobotlarda to‘liq aks ettirish borasidagi mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Kun tartibidagi ikkinchi masala – kambag‘allikka qarshi samarali, aniq yo‘naltirilgan tartibda kurashish, fuqarolar bilan faol muloqot qilish lozimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida qayd etilgan eng asosiy tushuncha va tamoyillar bo‘yicha ishni tashkil qilishga, har qanday muammoga kreativ, xalqchil yondashish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan bir qator mutasaddilar ogohlantirildi. Bunday rahbarlarning masalaga yetarlicha e’tibor qaratmayotgani yuzasidan jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish, jarayonga ommaviy axborot vositalarini ham jalb etish tavsiya qilindi.
Viloyatdagi mavjud madaniyat va aholi dam olish markazlari faoliyati, bunda har bir tuman va shaharda kamida bitta namunali markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan qilingan ishlar qoniqarsiz deb, topildi. Mazkur masala bo‘yicha qisqa fursatlarda viloyat hokimining alohida muhokama yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shundan so‘ng yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan soha mas’ullarining axboroti tinglandi. Viloyat hokimi mavjud muammolar haqida to‘xtalib, Avtomobil yo‘llari boshqarmasi va viloyat YHXB birgalikda faol ish olib borishi lozimligini ta’kidladi. Xususan, “Open byudjet” loyihasi orqali qurilgan yo‘llarda yo‘l chiziqlari va belgilarini o‘rnatish, viloyatdagi barcha ta’lim tashkilotlarida “Yo‘l harakati jamoatchi navbatchisi” faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi.
Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisoboti tinglandi.
A.Musayev, O‘zA.