Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YHXB mobil videokameralarni test rejimida sinovdan oʻtkazmoqda
21:41 / 2019-10-19

Bodi kamera bilan ishlash jarayonida xodim yoʻl harakati qatnashchisini toʻxtatganidan keyin uning oldiga borib, oʻzini tanishtiradi va lavozimi, unvoni, familiyasi haqida maʼlumot beradi.


Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi ishlar samaradorligi oshirish maqsadida, yoʻl-patrul xizmati inspektorlari oʻz xizmat vazifalarini bodi kameradan foydalangan holda oshkora olib borishlari belgilangan.

Bodi kamera bilan ishlash jarayonida xodim yoʻl harakati qatnashchisini toʻxtatganidan keyin uning oldiga borib, oʻzini tanishtiradi va lavozimi, unvoni, familiyasi haqida maʼlumot beradi. Haydovchining talabiga koʻra koʻkrak nishon belgisini maʼlum qilib, xizmat guvohnomasini ochiq holda koʻrsatadi. Eng muhimi, yoʻl harakati qatnashchilariga mobil videokameradan foydalanayotganini maʼlum qiladi va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun undagi video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Hozirgi kunda Toshkent shahrida mobil videokameralarni test rejimida sinovdan oʻtkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Sinov davomida kameralar turli ob-havo sharoitlarida va koʻrinishlarda, har xil holatlarda hamda vaziyatlarda ishlatib koʻriladi.

Sinov tekshiruvlarida aniqlangan kamchiliklar esa kameralarni ishlab chiqaruvchilarga yetkaziladi va bartaraf etiladi. Shuningdek, maʼlumotlarni saqlash qurilmalari, dasturiy taʼminot ham sinovdan oʻtkaziladi. Kelajakda yoʻllarda turli kelishmovchiliklar, ziddiyatlar, bahs va munozaralar kelib chiqmasligi aynan qurilma hamda dasturiy taʼminotning toʻgʻri va aniq ishlashiga bevosita bogʻliq.

Aytishga osondek boʻlib koʻringan bu vazifalar zamirida katta mehnat turibdi. Chunki, har qanday yangilikni joriy etish osonlik bilan amalga oshmaydi.

Mobil videokameralarning ishga tushirilishi, birinchi navbatda, shu soha vakillari uchun zarur. Sababi, kameralar orqali vaziyatni doimo nazorat qilib turish imkoniyati oshadi. Nazorat kuchaytirilgan joyda esa tartib-intizom boʻladi. Kameralar esa har bir holatni oshkora koʻrsatib beradi. Shu sababli barcha harakat ishtirokchilarini “Yoʻl harakati qoidalari”ga qatʼiy amal qilishga chaqiramiz.

Unutmang, yoʻl-patrul xizmati inspektori bilan oʻzaro munosabatingiz mobil videokameralar nigohida turibdi!

IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi