Rossiyaning yuqori tovushli qiruvchi-bombardimonchi samolyoti Krasnodar o‘lkasining Yeysk shahrida halokatga uchradi, deb xabar tarqatdi Rossiya mudofaa vazirligi.
"2022 yil 17 oktyabr kuni Su-34 jangovar samolyoti Janubiy harbiy aerodromdan havoga ko‘tarilgan payti halokatga uchragan. Samolyot Yeysk shahri chekkasiga qulab tushgan", – deyiladi xabarda.
Samolyot uchuvchilari katapulta qilishga ulgurgan.
"Uchuvchilarning ta’kidlashicha, halokatga samolyot havoga ko‘tarilayotganda dvigatellarning birida yong‘in chiqqani sabab bo‘lgan", – deya aniqlik kiritdi mudofaa vazirligi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining shahar boshqarmasi ma’lum qilishicha, samolyot qulagandan keyin ikki ming kvadrat metrda yong‘in boshlangan, ko‘p qavatli aholi yashaydigan binoning birinchi qavatidan beshinchi qavatigacha yong‘in boshlangan.
"Olov bir zumda bir necha qavatni qamrab olgan, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halokat sababli 13 kishi halok bo‘lgan, ular orasida uch nafar bola ham bor, 19 kishi jarohat olgan”, – dedi Rossiya sog‘liqni saqlash vazirining yordamchisi Aleksey Kuznetsov jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham qurbonlar sonini tasdiqladi. Shuningdek, FVV xodimlari vayronagarchiliklar orasidan 68 kishini qutqarib olgan, 360 dan ziyod kishi xavfsiz joyga ko‘chirilgan.