“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Saylov departamenti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjonova mehmonlarni “Milliy tiklanish”ning saylovlardan keyingi faoliyati bilan tanishtirib, partiya konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskorlaridan biri sifatida mamlakat siyosiy maydonida “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” g‘oyasi asosida faol harakat qilayotganini ta’kidladi.

– Partiya jamiyatning siyosiy katalizatori ekanidan kelib chiqib, partiyamiz qoshida ilk bor “Aql markazi” tashkil etildi. Markaz deputatlar faoliyatini baholash bo‘yicha reyting indikatorlari ishlab chiqish yuzasidan ilk tadqiqot olib borilmoqda. Maqsad – deputatlik korpusi faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish hamda davlat va xalq o‘rtasida ishonchli ko‘prik bo‘lish, –dedi F.Muhammedjonova.

YeXHTning Saylov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Ulvi Axundlu “Milliy tiklanish” o‘z maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, ko‘plab amaliy tashabbuslar bilan chiqayotgani e’tirofga loyiqligini va bu partiyaning jamiyat hayotidagi bevosita ishtiroki va ta’siridan dalolat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, siyosiy jarayonlarga xalqaro andozalar asosida yondashish borasida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Muloqotda tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan bir qator masalalarda ham fikr almashdilar.
M. Komilova, O‘zA