Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi munosabati bilan xorijiy kuzatuvchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari yurtimizda bo‘lib turibdi. Markaziy saylov komissiyasida saylovni kuzatish bo‘yicha kuzatuvchilar missiyasi va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bugun Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining qisqa muddatli kuzatuvchilar missiyasining maxsus muvofiqlashtiruvchisi va rahbari, YeXHT Parlament Assambleyasining Iqtisodiy ishlar, fan, texnologiyalar va atrof-muhit bo‘yicha bosh qo‘mita raisi Azey Guliyev bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida 2024 yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarga e’tibor qaratildi. Xususan, xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish missiyalarining natijalari bo‘yicha hisobot va xulosalardagi tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga va amaliyotimizga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar tafsilotiga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, mehmonlarga joriy yilda bo‘lib o‘tiladigan saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari, milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va mazkur tizimning afzalliklari, ayollar va nogironligi bo‘lgan insonlarga yaratilayotgan sharoitlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-19964]
Uchrashuv ishtirokchilari saylov tartib-tamoyillarining takomillashtirilishi bo‘yicha bajarilayotgan ishlarga ijobiy baho berib, bu bo‘lajak saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazilishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA