Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi (YeXHT PA) delegatsiyasi O‘zbekistondagi prezidentlik saylovlarini kuzatish uchun 21 oktyabr kuni Toshkentga tashrif buyurdi.
GFR parlamenti a’zosi Daniel De Ridderi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Avstriya Milliy kengashining Yevropa ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Raynxold Lopatka YeXHT ga a’zo 25 ta mamlakatning 100 dan ortiq deputatlarini o‘z ichiga olgan delegatsiyaga rahbarlik qiladilar.
Ma’lumot uchun: Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi – 1990 yilda tashkil etilgan tashkilotning mustaqil institutlaridan biri hisoblanadi. Parlament assambleyasining YeXHT ga a’zo 57 ta davlatdan 300 dan ortiq a’zosi bor. Assambleyaning asosiy vazifasi – YeXHT faoliyatining barcha jabhalarida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo muloqotni o‘rnatishdir. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining hozirgi raisi – Shvetsiya deputati Margareta Sederfelt (2021 yil iyuldan buyon). Roberto Montella (Italiya) 2016 yil 1 yanvardan buyon PA ning bosh kotibi hisoblanadi.
Tashrif davomida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi vakillari O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi, siyosiy partiyalar, vazirlik va idoralar rahbariyati bilan uchrashishni, saylov uchastkalarining bo‘lajak saylovga tayyorgarlik darajasi hamda saylov kuni fuqarolarning hohish-irodasini ifodalash jarayonlari bilan tanishishni rejalashtirgan.
Mamlakatimiz Oliy Majlisi 1993 yil yanvar oyidan buyon Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining a’zosi hisoblanadi. Hozirgi kunda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari faol rivojlanayotgani kuzatilmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston delegatsiyasi Parlament assambleyasining sessiyalari va yig‘ilishlarida 10 martadan ko‘p qatnashdi. 2019 yil sentyabr oyida parlament palatalari Kengashlarining qo‘shma qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi o‘rtasida 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan amaliy hamkorlik rejasi tasdiqlangan edi. Bir yildan so‘ng Oliy Majlis palatalari Kengashlarining “Parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarori qabul qilindi. Ushbu qaror doirasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tayyorlandi.
Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining yozgi sessiyasida ishtirok etdi.
Joriy yil sentyabr oyida Vena shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlar spikerlarining 5-chi Butunjahon konferensiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Tadbir doirasida delegatsiya rahbari Oliy Majlis Senati raisi T.Norboyeva Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi prezidenti M.Sederfelt bilan muzokaralar olib bordi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi ilk marotaba 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlarni kuzatishda ishtirok etgan edi. O‘shanda 50 nafar deputat mamlakatimizga tashrif buyurgan. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi prezidenti G.Sereteli Missiyaga rahbarlik qilgan edi. Kuzatuvlar yakunida u mamlakatdagi demokratik jarayonlarni yaxshilashga siyosiy yetakchilar, rasmiylar va oddiy fuqarolarning qiziqishi ortgani, shuningdek islohotlarning saylovlarga ta’sir ko‘rsatganini qayd etgan.
Bularning barchasi xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik o‘zgarishlar siyosatining e’tirof etilishi va qo‘llab-quvvatlanishining yaqqol dalili hamda O‘zbekiston rahbariyati tanlagan davlatni isloh qilish yo‘lida mamlakatimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligining ifodasidir.
O‘zA