YeXHTning “Barqaror rivojlanish tajribasi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni ilgari surish orqali ekologik havfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida joylashgan Sudoche ko‘liga kuzgi ilmiy-amaliy ekspeditsiya uyushtirildi.
Ekspeditsiya YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ko‘magida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va boshqa mutassadi tashkilotlar yetakchi olim va ekspertlari ishtirok etdi. Dala ishlari suv sathi va sho‘rlanish darajasini kuzatish, o‘simliklar holatini tavsiflash, GPS-kartogrammasini tuzish, bioxilma-xillik haqida ma’lumot yig‘ish va dastlabki tahlilni o‘z ichiga oldi. Mutaxassislar amaliyot davomida zamonaviy monitoring usullari, jumladan bioindikatsiya - tirik organizmlar reaksiyasi asosida atrof-muhit holatini baholashning samarali vositasidan ham foydalanishdi.
– Sudoche suv-botqoq ekotizim monitoringi nafaqat ilmiy, balki strategik ahamiyatga ham ega. Ekspeditsiya natijasi iqlim o‘zgarishi va antropogen omillar ta’sirida yuzaga kelgan o‘zgarishni baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi va bioxilma-xillikni saqlash hamda Orol bo‘yidagi degradatsiyaga uchragan maydonlarni tiklash bo‘yicha taklif, tavsiyalarni shakllantirish imkonini beradi, – deya ta’kidlaydi ekspeditsiyaga qo‘shilgan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen. Loyiha menejeri, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi xodimi Abrorjon Karimov so‘zlariga ko‘ra, Sudocheni monitoring qilish shunchaki ma’lumot yig‘ish emas, balki hudud barqarorligiga hissa qo‘shishdir. Oddiy ko‘z bilan ko‘rishning iloji bo‘lmagan o‘zgarishlarni qayd etish xulosalarni aniq yechimlar uchun asosga aylantirish imkonini beradi. YeXHT ko‘magi tufayli ekspeditsiya yuqori saviyada tashkil etilib, barcha xavfsizlik me’yorlariga to‘liq rioya qilindi.
YeXHT 2016 yildan buyon Orol bo‘yi hududi bioxilma-xilligini monitoring qilishda xalqaro jamg‘armaga ko‘maklashib keladi. Mazkur ekspeditsiya Markaziy Osiyoda tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ekologik barqarorlikni rivojlantirish bo‘yicha yirik tashabbusning bir qismi hisoblanadi. YeXHT O‘zbekistonga nafaqat Parij kelishuvi va Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya doirasidagi xalqaro majburiyatni bajarish maqsadida, balki ekologik boshqaruvga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish uchun ham ko‘maklashadi.
O‘zA