Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeXHT missiyasi Markaziy saylov komissiyasida
20:41 / 2022-07-19

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha respublika referendumi o‘tkazilishi munosabati bilan shu kunlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasi mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Missiya tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistondagi referendum oldi vaziyat va ushbu siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini baholashdan iborat.

Delegatsiya vakillari bilan Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda DIIHB ovoz berishning yangi texnologiyalari bo‘yicha katta maslahatchisi Vladimir Misev Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak respublika referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish yuzasidan YeXHT DIIHB baholash missiyasining o‘z vaqtida taklif qilingani xalqaro saylov standarti talabiga to‘liq mos kelishini qayd etdi.

YeXHT DIIHB metodologiyasiga ko‘ra, Ehtiyojlarni baholash missiyasi odatda muayyan saylov yoki referendum boshlanishidan bir necha oy oldin YeXHTga a’zo davlatdagi saylov oldi yoki referendum oldi vaziyatni, shu jumladan, tadbirlarga tayyorgarlikni baholash uchun yuboriladi.

Bo‘lajak respublika referendumini kuzatish bo‘yicha zarur tadbirlarning turi, shakli, muddati va ko‘lami bo‘yicha ehtiyojlarni baholash missiyasi ishi natijasida taqdim etilgan tavsiyalar asosida YeXHT DIIHB referendumni kuzatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev respublika referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va tadbirni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida atroflicha so‘zlab berdi. Suhbat chog‘ida Konstitutsiyamizni isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohot mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea ekani ta’kidlandi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20 iyun kuni Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda konstitutsiyaviy islohotning to‘rt ustuvor yo‘nalishiga to‘xtalib, har biri bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi, – dedi Z.Nizomxo‘jayev. – Davlatimiz rahbari Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish va referendum yo‘li bilan qabul qilishni ham taklif etdi.

[gallery-7967]

Shu kunlarda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi xalqimizning faol ishtirokida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ayni jarayon 1 avgustga qadar davom etadi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda barcha jabhalarda, jumladan, saylov tizimida ham yuksak demokratik talablar va xalqaro huquqiy me’yorlarga javob beradigan islohotlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Xususan, 2022 yil 16 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani saylov qonunchiligidagi so‘nggi yangilikdir.

Ta’kidlash joiz, Saylov kodeksida 2019 yilgi parlament saylovi yakuni bo‘yicha YeXHT DIIHB tavsiyalari asosida kiritilgan qator muhim qoidalar o‘z aksini topgan. “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunning ayrim normalari Saylov kodeksi va boshqa hujjatlarga muvofiqlashtirilgan.

Qayd etilganidek, bugungi kunda bo‘lajak referendumga tayyorgarlik ko‘rishdagi ustuvor vazifalardan yana biri MSK normativ-huquqiy hujjatlarini amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirishdan iborat. Komissiya majlislarida referendumga taalluqli bir qator muhim huquqiy hujjatlar – Referendum o‘tkazuvchi okrug va okrug komissiyalari to‘g‘risida, referendum o‘tkazuvchi uchastka va uchastka komissiyalari to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi referendumida ishtirok etuvchi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari to‘g‘risidagi nizomlar qabul qilindi.

Uchrashuvda referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastkalar, referendum komissiyalari ishini to‘g‘ri tashkil etish bo‘lajak referendumning sifati va saviyasiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omillar ekani alohida ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Referendum komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi ishlab chiqildi. Konsepsiyaga ko‘ra, qisqa muddatda milliy qonunchilik va referendum amaliyotini takomillashtirish, xalqaro standart bo‘yicha komissiya a’zoligiga nomzodlar bilim va ko‘nikmasini oshirish, ularni referendumga oid qonun hujjatlaridagi yangiliklardan xabardor qilish zarur.

Markaziy saylov komissiyasi faoliyati va saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni takomillashtirish referendumga tayyorgarlik ko‘rishning yana bir ustuvor yo‘nalishi sifatida qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat personallashtirish markazi, Kadastr agentligi bilan hamkorlikda saylov jarayoni axborot tizimini, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

YeXHT DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari mamlakatimizda saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholab, bo‘lajak respublika referendumi umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori saviyada o‘tkazilishiga ishonch bildirdi.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri