Tashkilot Bosh kotibi bilan eksklyuziv intervyu
O‘zA muxbiri yurtimizda ketma-ket o‘tkazilgan ikki yirik xalqaro anjumanda qatnashish uchun mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xelga Shmid bilan suhbatlashdi.
– Hurmatli Xelga Mariya Shmid xonim! Ma’lumki, O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi konstruktiv muloqot faollashib bormoqda. Tashkilotning hozirgi rahbari sifatida hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida umumiy fikringiz qanday?
– Mehmondo‘st yurtingizga kelganimdan juda mamnunman. O‘zbekistonda hukumat vakillari va fuqarolik jamiyati a’zolari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdim. Ikki tadbir – bolalarning sog‘lom muhitga bo‘lgan huquqini ta’minlash bo‘yicha xalqaro forum va Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etganimni alohida ta’kidlamoqchiman.
Tashrifim O‘zbekistonning YeXHTga a’zo bo‘lganining 30 yilligiga to‘g‘ri keldi, bu muhim voqelik, albatta. Qator vazirlik, idoralar bilan yaqin hamkorlikda o‘tgan davr mobaynida o‘zbek xalqining hayotini yaxshilash, xavfsizlikni kuchaytirish borasida salmoqli ishlar qildik.
Toshkentdagi vakolatxonamiz yuqori darajada professional va fidoyi xodimlarga ega bo‘lib, kiber xavfsizlikni targ‘ib qilish, chet ellik terrorchi-jangchilar oilalarini reintegratsiya qilishdan tortib, barqaror “yashil” rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, ayollarning iqtisodiy imkoniyatini kengaytirishgacha bo‘lgan yuzlab loyihalarni amalga oshirdi, yuzlab xotin-qizlarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishda yordam berdi.
Jumladan, Bosh prokuratura akademiyasining Darknet laboratoriyasi uchun jihozlar ajratildi. Huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari uchun kriptovalyuta va “Dark Web” bo‘yicha o‘quv kurslari o‘tkazildi.
– BMT Markaziy Osiyoda Global terrorizmga qarshi kurash strategiyasining 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkilotchilaridan biri sifatida Toshkentda o‘tkazilgan anjumanning ahamiyati, dolzarbligi va natijalari xususida nima deya olasiz?
– Avvalo, ushbu yuksak saviyada tashkil etilgan tadbirga mezbonlik qilgan O‘zbekiston hukumatiga chin dildan minnatdorlik bildiraman. Respublikaning bu boradagi sa’y-harakati asosiy transmilliy tahdidga qarshi kurashdagi yetakchilikning yorqin namunasi.
Xavfsizlik chegarada to‘xtamaydi, chegaradan oshib o‘tadi. Ya’ni, biz barcha darajadagi - xalqaro, mintaqaviy va ichki hamkorlikni mustahkamlabgina transchegaraviy tahdidlarga qarshi samarali kurashishimiz mumkin. Bu qiyin vazifa, shu bilan birga barcha uchun barqaror xavfsizlikka erishishning yagona yo‘li.
YeXHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy xavfsizlik tashkiloti sifatida BMT, Yevropa Ittifoqi va boshqa hamkor tuzilmalar qatori ayni jarayonda muhim o‘rin egallashi shart. Siz aytib o‘tgan muhim xalqaro tadbir ham shunday hamkorlik natijasidir.
Toshkent deklaratsiyasi va Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan qo‘shma harakatlar rejasi terrorizmga qarshi muvofiqlashtirilgan kurash olib borish zarurligini ta’kidlab, mazkur jiddiy tahdidga birlashgan holda qarshi turish mumkinlini ko‘rsatadi.
YeXHT mintaqadagi hukumatlar, fuqarolik jamiyati vakillari va xususiy sektor bilan hamkorlikni doimiy ravishda mustahkamlab bormoqda. Masalan, shu hafta Birlashgan Millatlar Tashkiloti Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va Interpol bilan birga Toshkentda bo‘lib o‘tgan yana bir mintaqaviy tadbirda Markaziy Osiyo bo‘ylab muhim infratuzilma yaratish va zaif ob’ektlarni himoya qilishni kuchaytirish ustida ishladik.
Shu yil oktyabr oyida Dushanbe shahrida mintaqaviy sheriklarni birlashtirgan, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat o‘zgarishiga javoban, chegara xavfsizligiga qaratilgan yuqori darajadagi tadbirni tashkil etishda BMT va YeI hamkorlari bilan kuchlarni birlashtirdik.
– O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatini qanday baholaysiz? Umuman, O‘zbekiston va YeXHTning global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakati, qarashlari va yondashuvlari qay darajada yaqin, deb o‘ylaysiz?
– O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga sodiqligini faqat olqishlashim mumkin. Mamlakatingiz yaxshi qo‘shnichilik munosabatini rivojlantirish, mintaqada iqtisodiy farovonlikka erishishga hissa qo‘shishga tayyor ekanini namoyon qilmoqda. Bu yurtingizning strategik joylashuvini hisobga olganda, ayniqsa, juda muhim.
YeXHT ushbu yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi va mintaqaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi. Bizning mintaqaviy ikki yetakchi tashabbusimiz – Bishkekdagi YeXHT akademiyasi va Dushanbedagi Chegara boshqaruvi xodimlari kolleji Markaziy Osiyoda joylashgan.
Mintaqa davlatlari Afg‘onistondagi vaziyat va Rossiya – Ukraina nizosi tufayli kelib chiqadigan muammolarga duch kelganda, biz umumiy manfaat uchun yangi imkoniyatlarni izlashga harakat qilamiz.
Masalan, YeXHT mintaqada odam savdosiga qarshi kurash choralarini simulyatsiyaga asoslangan o‘quv mashqi orqali kuchaytirish ustida ishlayapti. Biz chegaralarda aniq mashqlar o‘tkazib, mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlab kelayotganimiz hech kimga sir emas. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavfga mintaqaviy yechim yo‘llarini ilgari surgan holda harakat qilyapmiz. Zero, iqlim o‘zgarishi chegara tanlamaydi.
– YeXHTning yana qaysi institut, tuzilma yoki bo‘linmalari O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘ygan? Bu borada qanday natijalarga erishildi va ushbu muvaffaqiyatlar omili nimada?
– Tashkilot Vena shahridagi YeXHT Kotibiyati bilan birga noyob tuzilmaga ega, geografik jihatdan 12 hududni qamrab olgan operatsiyalarni amalga oshirmoqda. YeXHT institutlari 1.3 milliard odam manfaati uchun ishlaydi. Jismoniy ishtirokimiz bo‘lmagan joylarda ham kotibiyat va institutlar ishi orqali, baribir, ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shishga intilamiz, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilamiz.
“Umumiy YeXHT” tamoyili orqali mavjud imkoniyatdan to‘liq foydalanishga harakat qilamiz. Bu faoliyatimizning bir qismi. Bizning xavfsizlikka yondashuvimiz keng qamrovli. Ya’ni, nafaqat siyosiy yoki harbiy maqsadni, balki ekologik va iqtisodiy masalalarni, inson huquqlarini ham nazarda tutadi. G‘oyamiz uch jihatga, xavfsizlikning uch o‘lchoviga bog‘langan. Shuning uchun ham suv, chegara xavfsizligidan boshlab, odam savdosi va ommaviy axborot vositalari erkinligiga tahdidgacha bo‘lgan turli masalalarga ahamiyat beramiz.
Xullas, xavfsizlikka kompleks yondashuv bilangina barqaror yechim topish mumkin. Eng muhimi, bu bizga nafaqat xavfsizlik xatarlarini bartaraf etish, balki tahdidlarning asosiy sabablarini aniqlash imkonini ham beradi.
– YeXHT rahbari sifatida hozirgacha O‘zbekistonning yuqori lavozimli shaxslaridan kimlar bilan shaxsan uchrashgansiz va uchrashuvlar ikki tomon hamkorligi rivojiga qay darajada ta’sir ko‘rsatgan?
– Tashrif chog‘ida uchrashish sharafiga muyassar bo‘lganim insonlar orasida Prezident Shavkat Mirziyoyev, tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, Senat raisi Tanzila Norboyeva va Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov bor. Shuningdek, Samarqandda Yevropa Ittifoqidagi hamkasblar, Markaziy Osiyoning barcha ishtirokchi davlatlari yuqori martabali rasmiylari bilan samarali muzokaralar o‘tkazdim.
Bu O‘zbekistonga YeXHT Bosh kotibi sifatidagi birinchi tashrifim. Mamlakat va ushbu mintaqa bilan esa ko‘p yillardan buyon ishlayapman. Avvalgi Yevropa tashqi harakatlar xizmati Bosh kotibi lavozimidagi faoliyatim ham mustasno emas.
O‘sha davrda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligini muhim bosqichga ko‘targan jarayonlarda ishtirok etganman. 2007 yil Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha ilk strategiyasi qabul qilinishida hissam borligidan faxrlanaman. Keyinroq Markaziy Osiyoning besh davlati va Afg‘oniston bilan tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasida siyosat hamda xavfsizlik bo‘yicha muloqot o‘tkaza boshladik. Ushbu format hanuz davom etyapti.
– YeXHT bilan hamkorlik nuqtai nazaridan O‘zbekistonning mintaqadagi yoki umuman tashkilotga a’zo davlatlar orasidagi mavqeini qanday baholaysiz?
O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi, bu boradagi faolligi meni hayratga soladi. Umuman, YeXHT bilan hamkorlik masalasida mamlakatingiz mintaqada yetakchilik rolini zimmasiga olgan, deyish mumkin. Xususan, 2020 yil YeXHTning Iqtisodiy va atrof-muhit qo‘mitasiga raislik qilgan O‘zbekiston yuqori darajadagi ekspertlar uchrashuvlari va tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Mamlakatingiz yetakchiligi boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ham aks etadi. Tashrifim chog‘idagi ikki tadbir – YUNICYeF va Ziroat Mirziyoyeva boshchiligidagi “Zamin” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro forum hamda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo konferensiyasi fikrimga yaqqol misol bo‘la oladi.
– Mamlakatimizga rejalashtirilgan avvalgi tashrifingiz, kutilmaganda, bekor qilingandi. Bu holat o‘zaro munosabatlar rivojlanish sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatmadimi? Bu galgi tashrifdan qanday natijalar kutyapsiz?
– Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan harbiy amaliyoti sabab 2022 yil mart oyida Toshkentga mo‘ljallangan tashrifim qoldirilgandi. O‘shanda Ukrainadagi a’zolarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun tun-u kun ishladik, desam bo‘ladi. O‘zbekistonga kelishni qanchalik intiq kutgan bo‘lsam-da, o‘sha payt buning iloji yo‘q edi.
Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston kun tartibimizdagi muhim masala bo‘lib qolmoqda. Toshkent va Samarqandda o‘tgan uchrashuvlardan juda mamnun bo‘ldim.
YeXHT islohotlar masalasida ham hukumat, ham fuqarolik jamiyati uchun kuchli hamkor bo‘lib qoladi. Uch yo‘nalishda – kiber xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqa bo‘ylab ayollar tadbirkorligiga ko‘maklashish va qiynoqlarga qarshi kurashish mexanizmini takomillashtirib boraveramiz.
O‘zA muxbiri G‘ayrat XONNAZAROV suhbatlashdi.