Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeXHT DIIHB missiyasi rahbari: Har bir saylovda kelgusi saylovlarni yaxshilash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan saboqlar bor (+video)
21:30 / 2024-09-25

Markaziy saylov komissiyasida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining (MDH) yurtimizdagi parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasi vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev muloqotlar davomida saylovga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi ishlar hamda saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirish va yangiliklar xususida ma’lumotlar berib o‘tdi.  

Qayd etilganidek, xalqaro tashkilotlar missiyalarining O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha xulosalari va tavsiyalarini milliy qonunchiligimizga va amaliyotimizga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirildi.  

Shuningdek, muloqotlarda bu yilgi saylov ilk marotaba aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga majoritar va proporsional saylov tizimi bo‘yicha  siyosiy partiyalarning 500 nafar nomzodlari ro‘yxatga olingani aytib o‘tildi.  

Uchrashuvlarda missiyalar vakillari O‘zbekiston saylov tizimidagi yangiliklarni e’tirof etib, o‘z faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.    

— Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan saylovni kuzatish bo‘yicha missiya rahbari sifatida O‘zbekistonda ekanimdan hamda Markaziy saylov komissiyasi raisi va a’zolari bilan uchrashganimdan juda xursandman, — deydi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas. — Biz ekspertlar jamoasi bilan O‘zbekiston hukumati taklifiga binoan saylovni kuzatish missiyasini o‘tkazish uchun keldik. 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonining qanday o‘tayotganiga baho berish bilan shug‘ullanamiz. Shu bilan birga, mazkur saylovlar O‘zbekiston va YeXHTdagi boshqa barcha ishtirokchi davlatlar o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarga qanchalik mos kelishi masalasida o‘z xulosalarimizni taqdim etamiz.  

YeXHT uzoq yillardan buyon O‘zbekistondagi saylovlarni, jumladan, o‘tgan yilgi prezidentlik saylovi va referendumni ham kuzatish jarayonida ishtirok etdi. Biz dunyoda saylovlar mukammal o‘tadigan mamlakat yo‘qligini aytgan holda har doim qator tavsiyalar beramiz. Har bir saylovda kelgusi saylovlarni yaxshilash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan saboqlar bor. Bundan tashqari, har bir shu turdagi jarayonlarning yutuqlarini ham qidiramiz. Kamchiliklar yoki muammolar guvohi bo‘lsak, bunday holatni yaxshilash uchun asoslar, tavsiyalar beramiz va bu saylovni kuzatish missiyasining asosiy maqsadidir.  

Guruhimiz YeXHTning 11 ta turli ishtirokchi davlatlaridan 14 nafar xalqaro ekspertlardan iborat. Kelgusi haftada 26 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilarimiz tashrif buyuradi. Ular O‘zbekistonning 13 ta hududida bo‘lishadi. Shuningdek, 300 nafargacha qisqa muddatli kuzatuvchilarimiz jalb etiladi. Biz saylovning ertasiga YeXHT Parlament Assambleyasi bilan hamkorlikda o‘z xulosa va tavsiyalarimiz bo‘yicha dastlabki bayonotlarni e’lon qilamiz.  

Har ikkala missiya vakillari bilan kechgan muloqotlar konstruktiv va samimiy ruhda o‘tdi.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/GOsxoYeIa_E?si=QY_1wkt9gwAkskjS" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhtarama Komilova,  

Abror Sodiqov,  

Anvar Ahmedov (video),  

O‘zA