Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeXHT DIIHB kuzatuvchilari O‘zbekiston sud-huquq tizimidagi islohotlar bilan tanishdi
16:18 / 2022-07-21

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari R.Mahmudova Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish missiyasi rahbari O.Merfi boshchiligidagi kuzatuvchilar delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda mehmonlarga mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va ahamiyati, qonunchilik bazasini mustahkamlash, ish samaradorligini oshirish va tuzilmani tubdan takomillashtirish, sudlar faoliyati shaffofligi va ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, fuqarolar huquq va erkinligi ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, odil sudlov ochiqligini oshirishdan iborat ekani alohida ta’kidlandi.

Delegatsiya a’zolari Respublika saylov qonunchiligi, xususan, saylov komissiyalari qarori ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibidan ham xabardor qilindi.
Shu bilan birga mehmonlar e’tibori O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan saylov komissiyalari harakati (qarori) ustidan taqdim etilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish vaqti va tartibiga qaratildi. 

Shuningdek, milliy qonunchilikda saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarlik uchun nafaqat ma’muriy javobgarlik, balki, masalan, saylov yoki referendumni o‘tkazish, tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni buzish yoki ishonchli shaxslar vakolati va saylov huquqini amalga oshirishga monelik qilish uchun jinoiy javobgarlik ham belgilangani qayd etildi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik masalasini ham muhokama qildilar.

O‘zA