Mamlakatimizda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBH) katta maslahatchisi boshchiligidagi ekspertlari delegatsiyasi mehmon bo‘lib turibdi.
Missiyaning maqsadi – shu yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik arafasida saylovoldi vaziyatni baholash, YeXHT DIIHB kuzatuvchilari missiyasining maqbul formatini belgilashdir. Uning yakunlari bo‘yicha xalqaro kuzatuv o‘tkazish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tavsiyalar ishlab chiqiladi.
25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) saylovlar bo‘yicha katta maslahatchisi A.Gromov boshchiligidagi Ehtiyojlarni baholash missiyasining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar qayd etganidek, milliy saylov qonunchiligi xorijiy ekspertlarning, shu jumladan, YeXHT DIIHBning tavsiyalarini hisobga olgan holda, saylov amaliyotidan kelib chiqib, izchil takomillashib borishi bilan ajralib turadi.
Delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda butun saylov jarayoni demokratik tamoyillar va standartlarga to‘liq mos ravishda o‘tishi uchun mamlakatda saylov tizimini yanada takomillashtirish masalalariga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholadilar.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashib, hamkorlik va o‘zaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
O‘zA