Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ekspertlari ish boshladi
21:25 / 2016-11-02

2016-yil 2-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari, elchi Yoxan Peter Traugott Teyler bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2016-yil 2-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari, elchi Yoxan Peter Traugott Teyler bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov Komissiyaning YeXHT DIIHB bilan hamkorligi samarali rivojlanib borayotgani va ijobiy natijalar berayotganini ta’kidladi. Joriy yilning 21-oktabrida DIIHB tomonidan e’lon qilingan hisobotda aytilganidek, O‘zbekistonda saylov kampaniyasining barcha bosqichlari qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda YeXHT DIIHB missiyasi faoliyati, uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi bilan o‘zaro hamkorligi masalalari yuzasidan fikr almashildi.

* * *

Shu kuni poytaxtimizda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish tadbirini boshlashi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda elchi Yoxan Peter Traugott Teyler boshchiligidagi missiya poytaxtimizda 17 nafar kuzatuvchi ekspert hamda hududlarda faoliyat ko‘rsatadigan 20 nafar uzoq muddatli kuzatuvchidan tarkib topishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, saylov kuni DIIHB 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilarni jalb qilishi rejalashtirilgan. Kuzatuvchi va ekspertlar YeXHTning 21 a’zo mamlakatidan jalb qilinadi.

Uzoq muddatli kuzatuvchilar guruhi a’zolari mamlakatimizga shu yilning 5-noyabr kuni kela boshlaydi, qisqa muddatli kuzatuvchilar 2-6-dekabr kunlari faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilgan.

Saylovni kuzatish missiyasi saylovni baholashda YeXHT majburiyatlari, demokratik saylov o‘tkazilishining xalqaro standartlari va talablari hamda milliy qonunchilikka tayanadi. Kuzatuvchilar saylov kampaniyasi tadbirlarini, saylov ma’muriyati va mutasaddi tashkilotlar faoliyatini, qonunchilikka rioya qilish jarayonlarini kuzatadi. Ekspertlar saylov tadbirlari ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishini monitoring qilib boradi.

Kuzatuv davomida missiya tegishli davlat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, nomzodlar, fuqarolik jamiyati instituti, ommaviy axborot vositalari hamda diplomatik korpus vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.

Saylov kuni kuzatuvchilar saylov uchastkalarining ochilishi, ovoz berish jarayoni, ovozlarni sanash va uning natijalarini taqdim qilish jarayonlarini kuzatadi. Missiyaning dastlabki natija va xulosalari bo‘yicha hujjat saylovdan bir kun o‘tib chop etiladi.

Byuro ekspertlari 2015-yilning dekabr oyida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi, “Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunlarga hamda boshqa normativ hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganini alohida qayd etdi. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok eta olishini yengillashtirish maqsadida Prezidentlikka nomzod ko‘rsatish uchun zarur bo‘ladigan imzolar sonining qisqartirilgani, saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uni o‘tkazish shakllari, turlari va usullari to‘g‘risidagi normaning mustahkamlab qo‘yilgani, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi, muddatidan oldin ovoz berish muddatlari, tartibi va jarayoni mustahkamlab qo‘yilgani, ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida tashviqot qilinmasligi, boshqa o‘zgartish va qo‘shimchalar ijobiy baholandi.

Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovchilar ro‘yxatini tuzish tartibi, nomzodlar ko‘rsatish va ularni qo‘llab-quvvatlab to‘plangan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartib-taomili, saylovoldi tashviqoti hamda saylov kampaniyasi moliyalashtirilishi, shikoyat va arizalar ko‘rib chiqilishi, shuningdek, kuzatuvchilarning huquqlari va vazifalariga oid masalalarni tartibga soladigan hujjatlar yangilangani ham ta’kidlandi.

Tadbirda milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar, qolaversa, mamlakatimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini xalqaro standartlarga muvofiq ochiq va oshkora o‘tkazishga tayyor ekanini e’tirof etgan holda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun o‘zining to‘laqonli missiyasini yuborishga qaror qilgani alohida ta’kidlandi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.