Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeXHT delegatsiyasi mamlakatimizdagi islohotlarni yuqori baholadi
12:06 / 2022-08-02

Mamlakatimizda bo‘lib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchilik masalasi bo‘yicha oliy komissari K.Abduraxmanov boshchiligidagi delegatsiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘ldi.

Quyi palata Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashuvda mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar faoliyati, shuningdek keyingi yillarda O‘zbekistonda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, sohaning huquqiy asosini takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘z navbatida K.Abduraxmanov Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni liberallashtirish, jahon hamjamiyati bilan munosabatda ochiqlik mezoniga tayanish, mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, turizmni rivojlantirish, aholi bilan ishlash tizimini takomillashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

O‘zbekiston xalqaro munosabatning teng huquqli sub’ekti sifatida mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqani rivojlantirayotgani, so‘nggi yillarda davlat rahbari tashabbusi qo‘shni davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch misli ko‘rilmagan darajada mustahkamlangani qayd etildi.

Shuningdek, YeXHT mulozimi respublikamizning bir qator viloyatlarida bo‘lganini aytib, yurtdagi o‘zgarish va yangilanishni, jumladan, inson huquqi va erkinligini himoya qilish,  turmush farovonligini oshirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.

Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan muloqotda tomonlar o‘zaro rishtani mustahkamlash, doimiy ravishda muloqot olib borish, hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA