Yevroparlamentning O‘zbekiston bo‘yicha ma’ruzachisi Ilxan Kyuchuk boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar viloyatda Yevropa ittifoqi mamlakatlari hamkorligida tashkil etilgan sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Samarqanddagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar yildan yilga mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar tomonlar uchun munfaatli bo‘lmoqda.
Birgina Samarqand viloyatida bugungi kunda Yevropa mamlakatlari kompaniyalari bilan hamkorlikda 60 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yil mintaqa va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 395 million AQSH dollarini tashkil etdi. Yevropa davlatlaridan Samarqandga kelayotgan sayyohlar soni ham so‘nggi yillarda ortgan. 2022 yilda ularning soni 150 ming kishini tashkil etdi.
Tomonlar Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni, xususan, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, shuningdek, turizm, ta’lim va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA