O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi bilan “ECM Spectrum” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Mazkur hujjatda mamlakatimiz hududida zamonaviy turizm, logistika, transport infratuzilmasini shakllantirish, bosh rejalashtirish asosida sayyohlik hududlarini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga hududdagi madaniy meros ob’ektlarini qayta ta’mirlash va xalqaro talablar darajasida foydalanishga moslashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.
So‘nggi yillarda “ECM Spectrum” O‘zbekistonda turizm rivojlanishini jiddiy qiziqish bilan kuzatmoqda. Sayyohlar oqimi ortishi, mamlakat iqtisodiyoti jadal taraqqiy etishi va boshqa ijobiy omillar kompaniyaning hukumatimiz tomonidan sayyohlarga qulay shart-sharoit yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli jarayonda ishtirok etishga chorlamoqda.
Ma’lumot o‘rnida keltirish joiz, bosh idorasi Berlinda joylashgan Yevropa injiniring kompaniyasi – “ECM Spectrum” Germaniya, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va bir qator MDH davlatlarida xalqaro darajada xizmat ko‘rsatadi, sanoat, infratuzilma va ko‘chmas mulk sohasida zamonaviy loyihalar amalga oshiradi.
Jamoaning mamlakatimiz bilan hamkorligi turizm sohasi ravnaqiga, madaniy merosni asrashga ko‘maklashadi.
O‘zA