Futbol bo‘yicha Yevropaning top-5 chempionati charm to‘p ishqibozlari tomonidan alohida qiziqish bilan kuzatib boriladi. Mazkur chempionatlar bahor mavsumida hal qiluvchi pallaga kiradi va o‘yinlar shiddatli va qiziqarli tus oladi.
Mazkur chempionatlardagi vaziyatni sharhlasak. Angliya Premer-ligasining 28-turi yakuniga ko‘ra, "Arsenal" klubi 64 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, tarkibida hamyurtimiz Abduqodir Husanov to‘p surayotgan "Manchester Siti" jamoasi 59 ochko to‘plab, ikkinchi o‘rindan joy olgan. Shuningdek, "Manchester Yunayted" va "Aston Villa" bir xil 51 ochkoga ega bo‘lib, gollar nisbatiga ko‘ra 3-4 pog‘onalardan joy olgan. "Liverpul" esa 48 ochko evaziga kuchli beshlikni yakunlamoqda.

Liganing 29-tur uchrashuvlari 4-6-mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda "Everton" – "Byornli", "Bornmut" – "Brentford", "Lids Yunayted" – "Sanderlend", "Vulverxempton" – "Liverpul", "Aston Villa" – "Chelsi", "Fulhem" – "Vest Xem", "Brayton" – "Arsenal", "MS" – "Nottingem Forest", "Nyukasl" – "MYU" va "Tottenhem" – "Kristal Pelas" jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlarga guvoh bo‘lamiz.

Ispaniya La Ligasida 26-tur uchrashuvlari bugun “Real” va “Xetafe” jamoalari bahsidan so‘ng o‘z yakuniga yetadi. E’tiborli jihati, ushbu uchrashuvda “Real” g‘alaba qozona olsa, ligada 64 ochko bilan karvonboshilik qilayotgan “Barselona” bilan ochkolar farqini bittaga yetkazib oladi.
“Qirollik klubi” "Atletiko Madrid" va "Vilyarreal" jamoasidan 9 ochko ilgarilab ketgan. Darvoqe, La Liganing kuchli beshligini "Betis" 43 ochko bilan yakunlab bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, musobaqaning 27-turi 6-9-mart kunlari bo‘lib o‘tadi.
Germaniya Bundesligasida 24-tur uchrashuvlari bugun “Gamburg” va “Bayer” jamoalari o‘rtasidagi bahsdan so‘ng yakunlansa-da, ushbu bahs natijasi chempionatning kuchli beshligiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ayni damda 25-tur uchrashuvlari oldidan "Bavariya" 63 ochko bilan 1-o‘rinni egallab turibdi. "Borussiya D" esa 52 ochko evaziga ikkinchi o‘rinni egallagan. Hisobida 46 ochko bo‘lgan "Hoffenxaym" va "Shtutgart" klublari 46, "RB Leypsig" 44 ochko bilan 5-o‘rinda bormoqda. Darvoqe, Bundesliganing 25-turi 6-9-mart sanasida tashkil etiladi.

Italiya A seriyasida "Inter" 27-tur yakuniga ko‘ra, 67 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qoldi va eng yaqin ta’qibchisi "Milan" jamoasidan 10 ochko o‘zib ketdi. Chempionatning uchinchi o‘rnida "Napoli" 53 ochko bilan qolgan bo‘lsa, "Roma" 51 va "Komo" 48 ochko to‘plab, 4-5 pog‘onalardan joy oldi. A seriyaning 28 turi 6-8-mart kunlari bo‘lib o‘tadi.
Fransiya Liga 1 musobaqasida bu yilgi mavsum ham Parij shahri jamoasi 57 ochko bilan peshqadamlik qilyapti. Ushbu jamoani "Lans" klubi 53 ochko bilan ta’qib qilayotgan bo‘lsa, "Lion" 45, "Marsel" 43 va "Lill" 40 ochko evaziga 3-5 o‘rinlarga taqsimlangan. Liga 1 chempionatining 25-turi 6-9-mart sanasida o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA