Futbol bo‘yicha Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida FIFA kunlari munosabati bilan qisqa tanaffus e’lon qilindi. Dam olish kunlari ushbu birinchiliklarda navbatdagi tur uchrashuvlari o‘tkazildi.
Avvalo, barcha o‘zbek futbol muxlislari e’tiboridagi Angliya Premer-ligasida 3-turdan keyingi holatga nazar tashlaymiz. Ayni damda “Liverpul” klubi o‘tgan 3 tur mobaynida g‘alaba qozondi va 9 ochko jamg‘arib, yaqqol peshqadamga aylanib oldi. Ikkinchi o‘rinda “Chelsi” 7 ochko bilan borayotgan bo‘lsa, “Arsenal” 6 ochko jamg‘arib, kuchli uchlikka kirib oldi. Biroq, “Tottenxem”, “Sanderlend”, “Everton” va “Bornmut” kabi jamoalarda ham 6 ochko mavjud bo‘lib, gollar nisbatiga ko‘ra, keyingi o‘rinlarga joylashdi.

“Kristal Pelas” 5 ochko bilan sakkizinchi pog‘onada qolmoqda. To‘rt ochkodan to‘plagan jamoalar – “Manchester Yunayted” , “Nottingem Forest” , “Brayton” va “Lids” 9-12 o‘rinlarda qayd etildi. “Manchester Siti” esa ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng 3 ochko bilan 13-o‘rinni egallab turibdi. Darvoqe, ushbu klubda to‘p surayotgan hamyurtimiz Abduqodir Husanov 3-turda “Brayton”ga qarshi uchrashuv paytida jarohat oldi va ikki hafta klubiga yordam bera olmaydi. Shuningdek, “Byornli”, “Brentford” va “Vest Xem” ham bir xil – 3 ochkodan to‘plagan holda 14-16-o‘rinni egalladi.

Ispaniya La Ligasida “Real” va “Atletik Bilbao” jamoalari 9 ochkoga ega bo‘lib, 1-2-o‘rinni zabt etib turibdi. Ularni “Vilyarreal”, “Barselona” va “Espanol” 7 ochko bilan ta’qib etmoqda. Musobaqaning oltinchi o‘rnida “Xetafe” 6 ochko to‘plagan holda borayotgan bo‘lsa, “Elche” (7-o‘rin) va “Betis” (8-o‘rin) 5 ochko jamg‘arib keyingi o‘rinlarda qolmoqda. O‘tgan uch turda 4 ochkoni o‘ziniki qilgan “Valensiya”, “Rayo Valekano” va “Alaves” klublari 9-11 pog‘onalardan joy oldi. “Sevilya”, “Osasuna”, “Selta” va “Ovedo” 3, “Real Sosedad” va “Atletiko Madrid” 2 ochkoga ega bo‘lib 12-17-o‘rinlarda qoldi.

Joriy mavsum Germaniya Bundesligasi keskin bahslar bilan boshlandi. Ilk ikki turdan keyin yetakchilar va chempionlikka da’vogar jamoalar asta-sekin ajralib chiqmoqda.
Birinchi o‘ringa muvaffaqiyatli o‘yin namoyish etgan "Bavariya" jamoasi joylashdi. Myunxenliklar ikki uchrashuvda ham g‘alaba qozonib, raqib darvozasiga 9 ta to‘p kiritdi va 6 ochko jamg‘ardi. Ikkinchi pog‘onada "Ayntraxt Frankfurt" jamoasi qayd etilgan. Ular ham ikki o‘yinda to‘liq g‘alaba qozonib, 7 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va 6 ochko bilan yetakchilar qatoridan joy oldi. Uchinchi o‘rinda "Kyoln" klubi turibdi. Muvaffaqiyatli start olgan ushbu jamoa raqiblari darvozasiga 5 ta to‘p kiritdi va 6 ochko to‘pladi.

Fransiya chempionatida 3-tur yakunlandi va jadvalda “PSJ” 9 ochko to‘plab gollar nisbatiga ko‘ra karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, xuddi shunday ochkoga ega bo‘lgan “Lion” ikkinchi o‘rinni band etdi. Kuchli uchlikni “Lill” 7 ochko bilan yakunlab berdi.

Italiya A Seriyasida esa birdaniga to‘rt jamoa karvonboshilik qilmoqda. Gap shundaki, o‘tgan ikki tur mobaynida “Napoli”, “Yuventus”, “Kremoneze” va “Roma” jamoalari 6 ochko to‘pladi va gollar nisbatiga ko‘ra 1-4-o‘rinlarga joylashdi.
Shu tariqa, Yevropa Top-5 chempionatlarida qisqa muddatli tanaffus e’lon qilindi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA