Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropani yana bir “krizis”dan qutqarish rejasi tayyor(mi?)
23:30 / 2020-04-10

Yevropa guruhi YEI ichida pishib kelayotgan jiddiy nizolar, qarama-qarshiliklar va parokandalikning oldini olgan koʻrinadi.


Yevropa guruhi YEI ichida pishib kelayotgan jiddiy nizolar, qarama-qarshiliklar va parokandalikning oldini olgan koʻrinadi. Tuzilma, nihoyat, ikkinchi urinishda pandemiya tufayli sezilarli ravishda jabrlangan iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida kelishuvga erishdi. Buning uchun rekord darajadagi summa — 540 milliard yevro miqdoridagi yordam paketi ajratiladigan boʻldi.

Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar moliya vazirlari ishtirokida kecha kechqurun boshlangan muzokara, munozara va bahslar tun boʻyi davom etgan. Videokonferensiya tarzida 16 soat choʻzilgan yigʻilish yakunida tuzilma rahbari Mariu Sentenu uzoq kutilgan kelishuv natijasini eʼlon qildi. Bu haqda “Euronews” nashri xabar tarqatgan.

“Bugun biz maʼqullagan hujjat qiymati qitʼaning jami Yalpi ichki mahsuloti 4 foiziga teng. Bundan tashqari avtomatik tarzda barqarorlashtiruvchi kuchlarimiz ham bor. Demak, Yevropa iqtisodiyotini ehtimoliy krizisdan qutqara olamiz. Jamoa misli koʻrilmagan natijaga erishdi. Biz hali hech bir tang vaziyatda bu darajada tez va samarali qaror qabul qilmagan edik“, — dedi Sentenu.

YEI davlatlarini birdamlikka eng koʻp chaqirgan Fransiya, Ispaniya va Italiya, deyarli maqsadlariga erishdi: ushbu mamlakatlarga moliyaviy yordam hech bir qoʻshimcha shartlarsiz, iqtisodiyotga nisbatan qoʻyiladigan qatʼiy talablar koʻrinishidagi choralar qoʻllanmasdan turib beriladi. Muzokaralar chogʻida ushbu qarorga qarshi chiqqan Niderlandiya oxir-oqibat yengildi.

Bitimda qayta tiklanish uchun ajratiladigan umumiy qarzdan qanday foydalanilishi haqida hech narsa deyilmagan. Mariu Sentenu esa bu boradagi fikrini quyidagicha ifodaladi:

“Maxsus tuzilgan Yevropa fondi orqali ajratiladigan, “koronabond“ deb nomlangan mazkur qutqarish mablagʻlari haqidagi savolga shunday javob beraman: “Men Yevropa guruhi raisi sifatida bahslarni bartaraf etish va shu bilan birga tuzilgan bitimdan havolanib ketmaslik ustida ham jiddiy ish olib boraman. Oʻylashimcha, hammamiz sabr-toqat namunasini koʻrsatishimiz kerak“.

Germaniya Niderlandiya bilan birgalikda, avvaliga Yevropa barqarorlashtirish mexanizmi (ESM) tuzish va moliyaviy koʻmak oladigan davlatlarga javoban, xuddi bir vaqtlar Gretsiya, Portugaliya va Irlandiyaga nisbatan qoʻllanganidek, qatʼiy tejamkorlik siyosatini joriy etish taklifini bildirgandi. Yakunda bu ikki qarshi davlat ham oʻz qarorlarini oʻzgartirishga majbur boʻlishdi.

Qayd etilishicha, ajratiladigan mablagʻning 300 milliard yevrosi ishsizlarni, shuningdek kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi. Yevropa guruhi shu yoʻl bilan soʻnggi oʻn yillikda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ikkinchi yirik krizisni chetlab oʻtish niyatida.