Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropani guruch va shokoladsiz kelajak kutmoqda
11:01 / 2025-05-28

Yevropaga guruch, bug‘doy, makkajo‘xori, qahva, kakao va soyaning 50 foizi iqlim o‘zgarishiga zaif va moslashish uchun resursga ega bo‘lmagan mamlakatlardan kirib boradi. Bugungi kunda, ayniqsa, umumiy qiymati 50 milliard dollarga tenglashadigan shokolad sanoati inqirozi kuchaymoqda.

Buyuk Britaniyaning “Foresight Transitions” konsalting kompaniyasi chop etgan yangi tadqiqotga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan, Yevropa Ittifoqi import qiladigan asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xavfsizligi iqlim o‘zgarishi va ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda biologiya xilma-xilligi yo‘qolib borishi tufayli jiddiy xavf ostida qolgan.

Mazkur hisobot YeI savdo hamkorlarining ekologik zaiflikka chuqurroq va xavotirli qarashini taqozo etadi. Iqlimga yo‘naltirilgan avvalgi tadqiqotlardan farqli o‘laroq, bu hujjatda qishloq xo‘jaligi tizimi zaifligi ta’kidlanib, global ta’minot zanjiri barqarorligiga putur yetkazadigan atrof-muhit tanazzuli va tabiat muvozanati buzilishi darajasi ham tahlil qilingan.

Yetakchi izlanuvchi Kamilla Xislopning so‘zlariga ko‘ra, allaqachon iqtisodiy va ijtimoiy oqibati namoyon bo‘layotgan ikki tomonlama tahdid yaqinlashmoqda. Iqlim o‘zgarishi va biologiya xilma-xilligi yo‘qolishi nafaqat bevosita ishlab chiqaruvchi mamlakatlarga, balki ko‘hna qit’ada iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari miqdori, narxi va sifatiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Mutaxassislar olti nomdagi mahsulotni tahlil qilgan: uch asosiy ekin – guruch, makkajo‘xori va bug‘doy hamda uch xil tijoriy muhim xom ashyo – kakao, qahva va soya. Barcha mahsulotlar ekologik xavfi darajasi tashvishli ekani qayd etilgan.

Masalan, yiliga 1,5 milliard yevrolik, Yevropa ta’minotining uchdan birini tashkil etadigan guruchni yetishtirish jarayoni kuchli yomg‘ir yoki uzoq davom etgan qurg‘oqchilik kabi tez-tez sodir bo‘layotgan favqulodda hodisalar tufayli qiyinlashmoqda.

Bu misollar shunchaki faraz emas: 2024 yil Buyuk Britaniya va Fransiyadagi suv toshqinlari bug‘doy hosilini kamaytirdi, Sharqiy Yevropadagi issiq to‘lqin makkajo‘xori maydonlariga zarar yetkazdi, G‘arbiy Afrikada uzoq davom etgan yomg‘ir butun-butun kakao plantatsiyalarini vayron qilib, loviyaning asosiy eksportchilari – Kot-d’Ivuar, Gana, Kamerun va Nigeriyaga sezilarli zarar keltirdi.

Makkajo‘xori misolida, so‘nggi o‘n yil ichida Yevropaning importga qaramligi sezilarli darajada oshdi – ichki qurg‘oqchilik tufayli mahalliy hosildorlik 10-20 foiz qisqardi. Importning esa 90 foizi iqlim zaifligi o‘rtacha yoki yuqori davlatlardan, uchdan ikki qismi xavfsiz biologiya xilma-xilligi darajasidan past ko‘rsatkichga ega mintaqalarga to‘g‘ri keladi.

Hisobot mualliflari Yevropa shokolad sanoati ham kuchli zarbaga duch kelganini raqamlar yordamida asoslagan. Ushbu mahsulot aylanmasi yiliga 50 milliard yevrodan oshadi. YeIga kakaoning 97 foizi iqlim qulayligi past yoki o‘rtacha bo‘lgan Afrika davlatlaridan keladi, 77 foizi biologiya xilma-xilligi yo‘qolishi darajasi muhim chegaradan oshgan hududlarda yetishtiriladi.

– YeI ekologiya bilan bog‘liq inqiroz tufayli allaqachon kakao uchun qimmat to‘lamoqda, – deydi Xislop. – O‘tgan yil davomida importning umumiy qiymati 41 foiz oshdi. Bu tendensiya ham iqlim o‘zgarishi tufayli shakar narxi ko‘tarilishi bilan bog‘liq holda ishlab chiqaruvchilar uchun ikki tomonlama tahdid tug‘diradi, Yevropa Ittifoqi uchun esa kuchayib borayotgan iqtisodiy xatar hisoblanadi.

Tadqiqot yetkazib beruvchi mamlakatlarning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini kuchaytirish, kichik miqyosdagi mahalliy fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, port, transport tarmog‘i kabi iqlimga sezgir logistika infratuzilmasini yaxshilash va ekologiya xavfini hisobga oladigan savdo shartnomalari tuzishni taklif qiladi.

Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA