Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropaliklar texnogigantlar ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi (+video)
18:33 / 2025-07-15

Yevropa davlatlari fuqarolari yirik texnologiya kompaniyalari ustidan qat’iy nazorat talab qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan raqamli qoidalarga nisbatan jamoatchilik fikri o‘rganilgan. So‘rovlarga ko‘ra, Fransiya, Germaniya va Ispaniya fuqarolari texnologiya gigantlarining ta’siri ustidan qattiqroq nazorat o‘rnatilishini  istashmoqda. “YouGov” tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlar bu masalada YeIning mavjud qonunlari yetarli emasligini aytishmoqda. 

Fransiyada so‘rovda ishtirok etganlarning 63 foizi, Germaniyada 59 foizi va Ispaniyada 49 foizi yirik texnologiya kompaniyalari – “Google”, “Meta”, “Amazon” va boshqalar ustidan amalga oshirilayotgan nazorat choralari yetarlicha emasligini bildirishgan. Ya’ni, yevropaliklar bu kompaniyalarni Yevropa bozorida va jamiyat hayotida o‘ta kuchli ta’sirga ega, deb hisoblashmoqda.

Shuningdek, gigant kompaniyalarni nazorat qiluvchi qonunlar juda kuchli deb hisoblovchilar soni ancha kam: masalan, Fransiyada 7 foiz, Germaniyada 8 foiz va Ispaniyada 9 foizni tashkil qiladi. 

Mazkur so‘rov 2022 yili Yevropa Ittifoqi qabul qilgan “Raqamli xizmatlar” to‘g‘risidagi va “Raqamli bozorlar” to‘g‘risidagi qonunlar asosida o‘tkazilgan. Bu qonunlar texnologiya gigantlarining foydalanuvchilarga ta’sirini cheklash, raqobatni ta’minlash va bozorda adolatli sharoit yaratishga qaratilgan.

Biroq mazkur qonunlar AQSH bilan savdo bahsini keltirib chiqargan. Qo‘shma Shtatlar rasmiylari bu so‘rovnomalarni Amerika kompaniyalari uchun “asossiz to‘siqlar” deb baholagan. Yevropa Ittifoqi esa bunga qarshi chiqib, shu yo‘l bilan bozor qoidalarini himoya qilishini ma’lum qilgan.

– Biz o‘z bozor qonun-qoidalarimizni qanday qo‘llashimizni bilamiz va hech kim bizga nima qilish kerakligini aytishiga yo‘l qo‘ymaymiz, - dedi Yevropaning raqobat bo‘yicha komissari Tereza Ribera.

So‘rov natijalariga ko‘ra, unda qatnashganlarning ko‘pchiligi texnologiya kompaniyalari YeIdan ko‘ra kattaroq ta’sirga ega deb hisoblashi ma’lum bo‘ldi. Bu esa axborot, reklama va raqamli platformalar orqali texnologik kompaniyalar jamiyat va siyosatga kuchli ta’sir o‘tkazayotganini anglatadi.

Shu bilan birga, ushbu natijalar YeI qonun chiqaruvchilari uchun muhim signal hisoblanishi aytilmoqda. Ko‘pchilik YeI rasmiylaridan raqamli dunyoda adolat va xavfsizlikni ta’minlash uchun qat’iy choralarni kutmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-KF0Py6vPn0" title="Yevropaliklar texnogigantlar ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

K.Bekjonov, O‘zA