Shu kunlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘tkazilayotgan “Kurash hakamligi va murabbiylik bo‘yicha bir oylik intensiv onlayn-kurs” mashg‘ulotlarida Yevropa kurash konfederatsiyasi vakillari, xalqaro darajadagi mutaxassislar hamda 30 nafarga yaqin yevropalik kurash mutaxassislari masofaviy tarzda ishtirok etmoqda.
Intensiv onlayn-kursning ochilish marosimida ishtirok etgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi hamda daxldor tashkilot mutasaddilarining ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 20 dekabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sanaladi.


Kurashning xalqaro qoidalarini Yevropa qit’asida keng targ‘ib etish va malakali hakamlar guruhini shakllantirish, xorijiy murabbiylarga milliy sportimizning ilmiy-uslubiy asoslarini zamonaviy texnologiyalar yordamida o‘rgatishga qaratilgan tadbir kurash bilan shug‘ullanuvchi atletlar sonining ortishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA