Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti(YeXHT)ning Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Yan Bratu boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda bo‘ldi. Mehmonlar viloyat hokimining o‘rinbosari Botir Shahriyorov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda davlat siyosatining ochiqligi va shaffofligi sezilarli darajada oshgani, so‘z erkinligi kafolatlari mustahkamlanayotgani, ommaviy axborot vositalarining mustaqil va professional rivojlanishi uchun zarur sharoit yaratilayotgani e’tirof etildi.

Mehmonlarga viloyatning bugungi salohiyati, barcha sohalarda erishilayotgan muvaffaqiyatlar, ko‘hna va navqiron shaharga chet elliklarning qiziqishi ortib borayotgani, hududda sayyohlikni rivojlantirishga doir amalga oshirilayotgan loyihalar xususida atroflicha ma’lumot berildi.

Mamlakatimiz, jumladan, viloyatda ommaviy axborot vositalari faoliyati, so‘z erkinligi va media muhitini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatni e’tirof etgan YeXHT vakili Yan Bratu samimiy do‘stona munosabat va mehmondo‘stlik uchun viloyat mutasaddilariga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Shuningdek, tajriba almashish, jurnalistlar malakasini oshirish, qo‘shma treninglar va ta’lim dasturlarini o‘tkazish, YeXHT yetakchi ekspertlarining O‘zbekistondagi tadbirlarda ishtirok etishi yuzasidan fikr-mulohazalar bayon etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.