Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropada real ish haqlari inflyatsiyadan keyin tiklanmoqda
16:48 / 2025-12-25

Yevropa mintaqasida ish haqlari 2022 yildagi yuqori inflyatsiya “zarba”sidan so‘ng asta-sekin tiklanmoqda. Yevropa Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshiga kelib yevrozonadagi real maoshlar inflyatsiyadan oldingi — 2021 yil oxiridagi darajaga deyarli qaytgan.

Xalqaro tashkilotlar 2025–2026 yillar uchun rasmiy hisobotlarni hali e’lon qilmagan bo‘lsa-da, “Employment Conditions Abroad” (ECA) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma Yevropada ish haqlari qanday holatda ekanini ochiq ko‘rsatmoqda.

ECA hisobotiga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar Yevropa davlatlarining 25 tasidan 23 tasida real ish haqi o‘sdi. Faqat Ruminiya (–0,9%) va Ukrainada (–3,2%) pasayish kuzatilgan. Qolgan hududlarda 0,2 foizdan (Avstriya) 5,1 foizgacha (Turkiya) o‘sish qayd etilgan.

Bu borada Turkiya mutlaq yetakchi: 40 foizlik nominal maosh oshishi va 34,9 foiz inflyatsiya hisobga olinganda, real o‘sish 5,1 foizni tashkil qiladi. Undan keyin Bolgariya va Vengriya joylashgan.

2026 yildagi manzara ham shu holatda bo‘lishi kutilmoqda, jumladan, Turkiyada real ish haqi o‘sishi 8,1 foizgacha chiqishi mumkin. Vengriya, Polsha, Chexiya va Bolgariya ham yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish ehtimoli yuqori. Iqtisodchilar buni Sharqiy Yevropada moliyaviy o‘sish sur’atlarining tezligi va mehnat unumdorligi oshishi bilan izohlamoqda.

Taxminlarga ko‘ra, Yevropaning yirik iqtisodiyotlari orasida 2026 yilda Fransiya eng yuqori real maosh o‘sishini qayd etadi. Undan keyin Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniya keladi. Ayniqsa, Birlashgan Qirollikda nominal maoshlar sezilarli oshsa-da, yuqoriroq inflyatsiya bu foydani qisman “yo‘qqa chiqaradi”.

Musulmon Ziyo, O‘zA