Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropada qandli diabetga chalinganlar ko‘paymoqda (+video)
15:37 / 2025-10-06

Yaqinda e’lon qilingan hisobotda Yevropaning 66 millionga yaqin yoshi ulug‘ fuqarosi qandli diabet bilan kurashib yashayotgani keltirilgan. Taxminga ko‘ra, 2050 yilga kelib bu ko‘rsatkich 10 foiz oshib, 72 millionga yetadi.

Xalqaro diabet federatsiyasining so‘nggi hisoboti uchun 158 davlat va mintaqadagi 250 dan ortiq milliy diabet uyushmalari ma’lumoti asos qilib olindi.

Surunkali endokrin kasallik hisoblangan, qonda shakar miqdori yuqoriligi bilan xoslanadigan qandli diabet vaqt o‘tishi bilan yurak, qon tomiri, ko‘z, buyrak va asab tizimi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Yuqorida keltirilgan raqamlar, shunchaki, “aysbergning uchi” sifatida baholanmoqda, chunki 20-79 yosh oralig‘idagi yevropaliklarning uchdan bir qismida diabet bor. Faqat buni bemorlarning o‘zi bilmaydi. Yevropa Ittifoqi doirasida eng ko‘p xastalar Germaniyada yashaydi: 6,5 million nemis surunkali diabetga chalingan. Keyingi o‘rinlarda Italiya va Ispaniya turibdi.

Eng yuqori yoshga nisbatan moslashtirilgan tarqalish ko‘rsatkichi Portugaliya, Xorvatiya, Malta va Kiprda kuzatiladi. Bu davlatlarda katta yoshlilarning taxminan 10 foizi ortiqcha qand bilan yashaydi. Tarqalishning eng past darajasi – 3 foiz Irlandiyada qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, Yevropa 1-turdagi bemorlar soni bo‘yicha dunyoda yetakchi. 1-tur diabet – autoimmunda organizm insulin ishlab chiqarmaydi va odatda bolalik yoki o‘smirlik davrida rivojlanadi.

Binobarin, Xalqaro diabet uyushmasi ushbu xulosaga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini ta’kidlaydi. Sababi, bolalarda 1-tur diabet haqidagi ma’lumot yetarli emas. Bu boradagi axborot asosan yuqori daromadli mamlakatlarda to‘plangani statistikaga ta’sir qilishi mumkin.

Bir narsa aniq: so‘nggi yillarda butun dunyoda 2-tur qandli diabet keskin ko‘payishi kuzatildi. Bunday xastalikda tana insulinni samarali qo‘llay olmaydi. Kasallik juda sekin va odatda yoshi ulug‘larda rivojlanadi.

Bu kasallikning ommalashishi, asosan, urbanizatsiya darajasi ortishi, aholi qarishi va noto‘g‘ri turmush tarzi, ya’ni kam harakatlanish, nosog‘lom ovqatlanish bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarning taxminan 10 foizi 1-tur, qolgani 2-turga mansub.

Mutaxassislar faraziga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimida diabet bilan bog‘liq xarajat yiliga 1 trillion yevrodan oshadi. Bu jami byudjetning taxminan 12 foizi. Statistika vaziyat yil sayin jiddiylashayotganidan darak bermoqda.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wbeD3o6zsXE" title="Yevropada qandli diabetga chalinganlar ko‘paymoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

K.Bekjonov, O‘zA