English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropada o‘zbekistonlik migrantlar qancha maosh olyapti?
23:22 / 2023-07-26

Insoniyat yaralibdi-ki, mudom bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yuradi. Bu an’ana ko‘plab omillar bilan bog‘liq.

Kimdir yaxshi ish, sifatli ta’lim, iqtisodiy manfaat istab yoki oilani birlashtirish uchun harakat qilsa, boshqa birov mojaro, terror yoki inson huquqi buzilishidan qochishga majbur. Ba’zan iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofat yoki boshqa ekologik omil ta’sirida, ehtimol, yaxshi ish, maosh qidirib, boshqa joyga ko‘chish, yashash tarzini o‘zgartirishga ham to‘g‘ri kelmoqda.

Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot ta’rificha, insonlarning odatiy yashash joyidan xalqaro chegara orqali yoki muayyan davlat chegarasi ichida ko‘chishi migratsiya deyiladi.

Ayniqsa, mehnat migratsiyasi bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab keng quloch yoymoqda. Ayrim davlatlarda mehnat migrantlariga talab ortayotgan bo‘lsa, boshqalarida ishsizlik avj olmoqda.

Mehnat migratsiyasi – tabiiy jarayon. Turli zamonlarda bir guruh davlatlar migrantlarni qabul qilgan, ikkinchi guruh mamlakatlar jo‘natuvchi hisoblangan. Ko‘pincha migratsiyadan qaytgan insonlar o‘z davlatlari rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi. Bu jarayon hozir ham davom etmoqda.

Mamlakatimizda mehnat migratsiyasi sohasini rivojlantirish, qonuniy migratsiya jarayonini tashkil etish, migrantlarimiz huquqi, manfaatini himoya qilish, dunyoning turli davlatlari bilan ayni yo‘nalishda hamkorlik qilish borasida tizimli islohotlar olib borilmoqda.

Jumladan, joriy yil Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 26 xorijiy davlat tashqi mehnat bozori o‘rganilib, 197 salohiyatli ish beruvchi va rekruting agentligi bilan muzokara o‘tkazildi.

– Хорижда vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan migrantlarimiz o‘rtacha 1,8 million kishini tashkil etadi, – deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Jahongir Xudoyxo‘jayev. – Hamyurtlarimizning xorijdagi ish faoliyati, asosan, qurilish, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, savdo, umumiy ovqatlanish, kommunal va maishiy xizmat sohalarini qamrab olgan. O‘zbekistonlik mehnat migrantlari Koreya Respublikasida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘plab yo‘nalishlarda, Turkiya va BAAda savdo, umumiy ovqatlanish, ijtimoiy ta’minot (yolg‘iz yashayotgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksa, nogiron va yosh bolalarga yakka tartibda qarash va ularni parvarishlash), AQSH va Yevropa davlatlarida esa sanoat, qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, transport va logistika, ijtimoiy ta’minot sohalarida faoliyat yuritmoqda.

Tahlillar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston mehnat bozori uchun yil boshidan buyon 30 mingga yaqin ish o‘rni aniqlandi. 21 ming 595 fuqaro Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Litva, Bolgariya, Germaniya, Polsha, Yaponiya, Ruminiya singari davlatlarda manzilli va uyushtirilgan tartibda ishga joylashtirildi.

Bugungi kunda mehnatkash xalqimizda nafaqat Rossiya, Janubiy Koreya, singari yirik ish beruvchi davlatlar, balki Yevropaga ham borib ishlash istagi yuqori. Shu bois, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlari vakolatli tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan muzokara olib borilmoqda. Xususan, Germaniyaning “German Industry & commerce”, “The International Placement People”, “Carlantis Global Consulting HR”, “CBZ München GmbH”, Kanadaning “AIT”, “Work Global Canada” kompaniyalari, Bolgariyaning “JYP Global kft”, “YSP JOB SOLUTION”, “Excellence Solutions Group”, “TRZ” “Work Bolgari”, Litvaning “UAB ERNILE” “Omniteksas” “Balticworks”, “MUREKA” “Hegelmann Group”, “Transporto vystymo grope”, “MKZ Logistik GmbH” “Labour Market” Latviyaning “Belleprom”, Ruminiyaning “R.A.B. Romania”, Serbiyaning “Mamminger Konserven” SRB, Isroilning “PIBA”, Finlyandiyaning “Smart workers”, Polshaning “Interspacework group”, “PLPK”, Yaponiyaning “JICA”, “Nomura Co. Ltd”, “Link Asia Cooperative”, “Deyarli har kuni Tokai BS” va “Shimizu Corporation”, Koreyaning “Samsung Heavy Industries”, “BUM HO”, Mongoliyaning “NSD Precon” singari yuzga yaqin xorijiy kompaniyalar bilan uchrashuv, muzokara o‘tkazildi.

Muzokara natijasida O‘zbekiston Respublikasidan ishchi kuchi jalb qilish bo‘yicha 58 ish beruvchi va rekruting agentligi bilan shartnoma imzolandi.

Hamma ham mehnatga yarasha haq olish, yaxshi daromad orttirishni istashi tabiiy. Shu o‘rinda Yevropa davlatlarida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga qanchadan maosh to‘lanadi, degan tabiiy savol tug‘iladi.

Agentlik taqdim etgan ma’lumotga qaraganda, ayni kunda ko‘hna qit’ada migrantlarga ish beruvchi tomonidan 1500-2000 dollar miqdorida oylik maosh berilyapti.

Fuqarolar Agentlik tomonidan, ish beruvchi talabiga ko‘ra, bir necha mezon asosida saralab olinadi. Jumladan, ishchining yoshi, xorijiy tilni bilish darajasi, kasb malakasi e’tiborga olinadi.

Yana bir yirik loyiha – Germaniyaning “Nova Agency” tashkiloti bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasiga asosan, O‘zbekiston fuqarolari 10 oylik dastur asosida nemis tiliga o‘qitilmoqda. Germaniyaga ishga jalb qilish maqsadida, kelishuv asosida “Nova Agency” tashkiloti tomonidan tanlab olingan nomzodlardan 36 nafari ish beruvchi mablag‘i hisobidan o‘qitilyapti. Loyiha doirasida bugungi kunga qadar 316 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.

Shveysariyaning “GLOBOGATE Recruiting GmbH” tashkiloti bilan imzolangan hamkorlik shartnomasiga asosan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufidagi Xodimlar malakasini oshirish kurslari, Chilonzor, Angren va Nukus kasbga o‘qitish markazlari binosida fuqarolarni nemis tiliga o‘qitish uchun kurslar tashkil etildi. Bitiruvchilarga Germaniyada tan olinadigan nemis tilini bilish darajasi sertifikati beriladi va ular Germaniyada ish bilan ta’minlanadi.

Qayd etish lozim, so‘nggi yillarda dunyoning rivojlangan davlatlaridagi yangi korxona va tashkilotlar bilan erishilgan kelishuvlar bo‘yicha ushbu davlatlarga ishga jo‘natilgan yurtdoshlarimiz haqida ish beruvchilar tomonidan ijobiy fikrlar bildirilmoqda. Bu holat keyinchalik mazkur davlatlarga O‘zbekistondan migratsiya oqimining kengayishiga yordam beradi.

Afsuski, ishga ketgan mehnat migrantlarining ba’zilari ish haqini o‘z vaqtida ololmaslik yoki aldanib qolish singari noxush holatlarga tushib qolgani haqida ham eshitamiz. Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Agentlik tomonidan mehnat migrantlarining ish beruvchi tomonidan to‘lanmay turgan 516,8 ming dollar ish haqi va pullik kompensatsiyasi undirib berildi. 133 ming mehnat migranti hayoti va sog‘lig‘i, shuningdek, mikroqarz kafolati va tavakkalchiligi sug‘urta qilingan.

Umuman, noqonuniy migratsiya oqibatini, xavfsiz va ijtimoiy kafolatlangan mehnat migratsiyasi afzalligini anglayotgan, faqat rasmiy yo‘llar orqali xorijda ishlash istagini bildirayotgan yurtdoshlarimiz soni oshmoqda.

Xorijda ishlash davomida tajriba orttirib, yangi g‘oya va aniq reja bilan O‘zbekistonga qaytib, tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan, ishlab topgan sarmoyasini kelajagi uchun yo‘naltirayotgan insonlar ko‘payib borayotgani mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ko‘plab oilalar farovonligi ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, oilasini boqish, uy-joy qurish, farzandlarini yetuk inson qilib kamolga yetkazish maqsadida xorijda ishlashni, musofirlikni bo‘yniga olgan yurtdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarur. Zero, ular nafaqat oilasiga, balki jamiyatga, davlatga ham naf keltirmoqda. Yurtimiz obod va farovon bo‘lishiga munosib hissa  qo‘shyapti.

Go‘zal SATTOROVA, O‘zA