English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropada gaz narxi keskin oshdi
18:20 / 2026-03-03

Yaqin Sharqdagi keskinlik Yevropa energetika bozoriga darhol ta’sir qildi. “Niderlandiya TTF” narxi o‘tgan hafta oxiridagi 30 yevrodan bugun 60 yevroga chiqdi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi zarbalari ortidan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) ta’minoti qisqarishi mumkin. Ayni xavotir bozordagi narxda aks etyapti.

Yevropa 2022-yildan boshlab Rossiyadan quvur orqali boradigan gazga qaramlikni keskin kamaytirib, dengiz yo‘li bilan yetkaziladigan LNG rusumiga o‘tdi. Natijada ta’minot diversifikatsiyasi kuzatildi, ammo shu bilan birga global logistikaga bog‘liqlik ham kuchaydi. Qatar "Yevropa LNG" importining taxminan 12-14 foizini qoplaydi. Ayni payt Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan yuk jiddiy xavf ostida. Har qanday uzilish narxni yana sakratishi mumkin.

YeIda gaz zaxirasi yil boshiga nisbatan kam — taxminan 30 foiz. Germaniya va Fransiyada omborlar 20 foiz xom ashyo to‘plagan. Agar ulgurji narx 50-60 yevrodan yuqori darajada uzoq saqlansa, bu isitish va elektr to‘loviga kechikib ta’sir qiladi. Ayniqsa, energiya ko‘p sarflanadigan tarmoqlar — kimyo, metallurgiya, o‘g‘it ishlab chiqarish raqobatbardoshlik bosimiga duch kelishi mumkin.

Eng ko‘p ta’sirni gazga o‘ta tayangan mamlakatlar — Germaniya, Italiya, Niderlandiya, shuningdek Markaziy va Janubiy Yevropa davlatlari his qilishi mumkin. Demak, hukumatlar ehtimoliy ijtimoiy bosimni yumshatish uchun maqsadli qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA