Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashganidan so‘ng Yevropada tabiiy gaz narxi ko‘tarildi. Qatar Eron zarbalaridan keyin suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni to‘xtatganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Euronews nashri.
Yevropada tabiiy gazning ulgurji narxi shakllanadigan savdo nuqtasi Niderlandiyada joylashgan. Aynan shu yerda shartnomalar va birja savdosi amalga oshiriladi. Dushanba kuni bu yerda gaz narxi kun davomida qariyb 45 foizga oshgan.
Buyuk Britaniyada ham gaz narxi keskin ko‘tarildi. Bozorda yuqori o‘zgaruvchanlik yuz berib, narxlar daqiqalar ichida keskin o‘zgarishi kuzatilgan.
Narxlar oshishiga AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari va Eronning javob harakatlari sabab bo‘ldi. Bu esa jahon energetika ta’minoti uchun muhim bo‘lgan mintaqada taranglikni kuchaytirdi.
Qatarning davlat energetika kompaniyasi suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatganini bildirdi. Biroq bu qaror ishlab chiqarish hajmiga qay darajada ta’sir qilgani haqida aniq ma’lumot berilmadi.
Jahon energiya ta’minotining katta qismi Yaqin Sharqdan keladi. Shu bois dengiz orqali neft va gaz tashish masalasi bozor ishtirokchilarini xavotirga solayotgan edi.
Hormuz bo‘g‘ozi esa Eron katta ta’sirga ega bo‘lgan tor dengiz yo‘li bo‘lib, neft va suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishdagi eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Qatar eksportining katta qismi ham shu yerdan o‘tadi.
Zarbalardan keyin Eron bo‘g‘oz orqali harakatni cheklashga kirishdi. Bu esa ta’minot uzilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
Energetika bo‘yicha tahlilchilarning fikricha, yaqin orada Hormuz bo‘g‘ozi to‘liq yopilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon neft ta’minotining taxminan 20 foizi va dengiz orqali tashiladigan xom neft savdosining 38 foizi shu yo‘ldan o‘tadi. Endi harbiy vaziyat yumshamaguncha neft kompaniyalari kemalarni bu hududdan o‘tkazishga shoshilmaydi.
Yevropa Qatar gaziga to‘liq bog‘liq emas. Biroq tahlilchilarning fikricha, bilvosita ta’siri katta bo‘lishi mumkin. Agar Osiyoga gaz yetkazib berish uzilsa, u yerdagi xaridorlar boshqa manbalarni izlaydi. Bu esa jahon bozorida gaz uchun raqobatni kuchaytiradi va narxlarni yanada oshirishi mumkin.
Rossiya-Ukraina urushi sabab Yevropa davlatlari Rossiya gaziga qaramlikni qisqartirishga majbur bo‘ldi. Shu bois 2022-yildan beri Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishda muhim o‘rin egallab kelayotgan edi. Shuningdek, Yevropa omborlaridagi gazning kamligi ham bozordagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CJ8T0rtZsDE" title="Evropada gaz narxi 45 foizga oshdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA