Yevropa Ittifoqi yetakchilarining norasmiy sammiti arafasida Italiya, Germaniya va Belgiya rasmiylari qo‘shma hujjat e’lon qilib, raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha keskin islohot taklif qildi. Rim, Berlin va Bryussel biznesni qo‘llab-quvvatlash, sarmoya oqimini kuchaytirish hamda yagona bozorni mustahkamlash ustuvor vazifa, deb biladi. Bu haqda ANSA axborot agentligi xabar bergan.
Uch davlat rahbarlari – Fridrix Mers, Jorja Meloni va Bart De Vever tashabbusi bilan tayyorlangan hujjatda qator amaliy choralar ilgari surilgan. Jumladan, ortiqcha tartib-taomilni qisqartirish, uglerod chiqindisi savdosi tizimi va karbon solig‘ini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek “texnologik betaraflik” tamoyiliga tayanish taklif etilmoqda.
Yana bir e’tiborli g‘oya – byurokratiyaga qarshi “favqulodda tormoz mexanizmi”. Ya’ni, mabodo yangi qonunchilik jarayonida biznes uchun ortiqcha yuk paydo bo‘lsa, a’zo davlatlardan biri tashabbus ko‘rsatib, salbiy jarayonni to‘xtata oladi.
Hujjatda “28-rejim” deb ataluvchi yagona yevropacha huquqiy me’yor yaratish taklifi ham bor. Bu model milliy qonunchilik tizimi bilan uyg‘un tarzda amal qiladi va kompaniyalarga 27 xil milliy qoida o‘rniga yagona tartib asosida butun Yevropa bo‘ylab faoliyat yuritish imkonini beradi.
Ushbu tashabbus Yevropa iqtisodiyotini global raqobatda mustahkamlash va ichki bozorni yanada integratsiyalashga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA