Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga 40 mln dollarlik «yashil» kreditni ajratdi
20:21 / 2025-11-27

Xabar berganimizdek, poytaxtimizda O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida “Yashil va qulay uy-joy” xalqaro forumi o‘tkazildi.

Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasiga (IQMK) milliy valyutada 40 million dollargacha miqdorda sintetik kredit ajratishni ma’qulladi.  

Bu haqida O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.

Malumot o‘rnida aytish joiz, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi 2019 yilda davlat va mahalliy banklar ishtirokida tashkil etilgan, ipotekani qayta moliyalashtirish bo‘yicha yagona milliy institut hisoblanadi. U subsidiyalangan ipoteka taqdim etmaydi, balki ikkilamchi ipoteka bozorining agregatori sifatida tijorat banklariga uzoq muddatli mablag‘ ajratib, aholini muqobil va barqaror ipoteka kreditlari bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining ushbu krediti O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasiga milliy valyutada barqaror va uzluksiz moliyalashtirish manbasini yaratib, O‘zbekistonda tijorat jihatidan barqaror, standartlashtirilgan ipoteka bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish orqali ipoteka kreditlarining qamrovini oshirishga yordam beradi.

Kredit mablag‘larining katta qismi “yashil renovatsiya” dasturiga yo‘naltiriladi. Bu dastur orqali uy-joylarni energiya tejamkor va iqlim o‘zgarishlariga chidamli holatga keltirish rejalashtirilgan. Jumladan, isitish tizimlarini yangilash, deraza va eshiklarni almashtirish, konditsionerlar o‘rnatish, quyosh panellari va boshqa barqaror energiya uskunalarini joriy etishga yo‘naltiriladi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasiga tijorat banklariga milliy valyutada uzoq muddatli mablag‘ taqdim etish imkonini yaratadi. Bu ipoteka qimmatli qog‘ozlari bozori (IQB)ga chiqishdan oldingi vaqtinchalik mablag‘ taqchilligini bartaraf etishga xizmat qiladi.

Loyiha, shuningdek, ipoteka portfellarini yagona standartlar asosida birlashtirish va kelgusida ipotekaga asoslangan qimmatli qog‘ozlarni shakllantirish orqali O‘zbekiston kapital bozorining rivojlanishiga zamin yaratadi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA