Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 7 million yevrolik grant loyiha amalga oshiriladi
10:22 / 2022-09-03

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston YeTTB bilan 7 million yevrolik grant shartnomasini imzoladi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Londondagi shtab kvartirasida 1 sentyabr kuni mazkur shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ning Yadro xavfsizligi departamenti direktori Baltazar Lindauer o‘rtasida O‘zbekistonning Chorkesar va Yangiobod maxsus poligonlarini rekultivatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha grant loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi. 

Qolaversa, 2021 yilda Davlat ekologiya qo‘mitasi va YeTTB o‘rtasida konsultativ yordam ko‘rsatilishi uchun 2 million yevro miqdoridagi birinchi bitim imzolangan edi. Jami 9 million yevro miqdoridagi grant loyihasi bank tomonidan Markaziy Osiyo uchun Atrof-muhitni reabilitatsiya qilish ekologik hisobi maxsus fondi hisobidan moliyalashtiriladi.

Grant loyihasi doirasida 2022-2025 yillar davomida maxsus uchastkalarini ekologik sog‘lomlashtirish va rekultivatsiya qilish tadbirlari amalga oshiriladi. Rekultivatsiya ishlari 2023 yilning birinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, taxminan ikki yil ichida yakunlanadi. 

Loyiha doirasidagi qurilish va reabilitatsiya ishlari mahalliy va germaniyalik mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladi. Ta’kidlanishicha, ijtimoiy yo‘naltirilgan mazkur loyihaning amalga oshirilishi ushbu hududlarning ekologik holatini  yaxshilashda katta o‘rin tutadi.  

Yaqin kelajakda sanitariya-ekologik vaziyatni yaxshilash hududning barqaror rivojlanishiga, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etilishiga, shuningdek, hududlarning turistik va ekoturistik salohiyatini rivojlantirishga, mahalliy aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.  

Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirish bo‘yicha tomonlarning majburiyatlari yuzasidan kelishib olingani ma’lum qilindi. Yana bir ma’lumot, YeTTB va Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda radioaktiv chiqindilar mavjud hududlarni ekologik sog‘lomlashtirishga 2 million yevro ajratishi haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek, YeTTB O‘zbekistonda metan emissiyasini kamaytirish dasturini ishlab chiqishga yordam berishi ma’lum qilingandi. 
 

M.Toshqorayeva, 
O‘zA