Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda tizim tashkilotlari xodimlari uchun KNAUF kompaniyasi bilan hamkorlikda seminar-trening tashkil etildi. Tadbirda kompaniya vakillari hamda sohaga mas’ul tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi O‘zbekiston hududida barpo etilayotgan binolarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, xalqaro standartlarga asoslangan ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi hamda Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi vakillari qatnashdi.

Seminar jarayonida yong‘inga chidamlilik bo‘yicha o‘tkazilgan amaliyot sinovlar natijalari, qurilish materiallarining texnik xususiyatlari va ularning qo‘llanilish sohalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, mahalliy sharoitda ishlab chiqarilayotgan yonmaydigan materiallardan foydalanish imkoniyatlari va normativ talablarga muvofiqlikni ta’minlashda sinov hujjatlarining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Seminarda kompaniyaning Yevropadan kelgan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ham ishtirok etib, o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi va xalqaro standartlarga asoslangan yondashuvlarni taqdim etdi.

Tadbir yakunida ushbu yo‘nalishda malaka oshirish treninglarini tizimli ravishda tashkil etish, loyiha institutlari hamda texnik nazorat organlari mutaxassislarini o‘qitish masalalari kelishib olindi.

Ushbu tashabbus soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qurilishda xavfsizlik standartlarini yuqori darajada ta’minlashga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA