Prezident tashabbuslari – amalda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash va tibbiyot xizmati sifatini oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda xalqaro ilg‘or tajribalarni joriy etish, sohadagi yangilanishlarni tezkor tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dunyoda farmatsevtika sanoati jadal rivojlanib bormoqda. Yangi turdagi dori-darmonlar va zamonaviy formulalar paydo bo‘lmoqda. Bu turdagi mahsulotlarning xavfsizligini doimiy nazorat qilish muhim talab sanaladi. Chunki dorilarining har bir tarkibiy qismi inson salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Farmatsevtikaga alohida e’tibor qaratish aholining sog‘lom hayoti, tibbiyot tizimining barqaror ishlashi, mamlakatning ushbu sohadagi mustaqilligini ta’minlash demakdir. Sifatli dori vositalari mavjudligi esa bemorlarning tezroq shifo topishi uchun alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvarda qabul qilingan “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim asos bo‘ldi. Hujjatga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchi hamda sotuvchi tashkilotlar mahsulot sifati va xavfsizligi uchun to‘liq mas’ul etib belgilandi. Shuningdek, davlat nazoratini samarali amalga oshirish bo‘yicha alohida qoidalar joriy etildi.

Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan “RomPharm NS” innovatsion korxonasi ushbu talablarga to‘liq javob beradigan zamonaviy farmatsevtika ishlab chiqarish majmualaridan biri sanaladi. Majmua Olmazor tumanida 1,4 gektar maydonda barpo etilgan. Loyihaning umumiy qiymati 164 million dollarni tashkil etadi. Dastlabki bosqichda 29 million dollarlik ishlar amalga oshirildi.
– Bu natijalar mamlakatimizda bizning sohaga qaratilayotgan e’tibor, shaxsan davlat rahbari tashabbuslarining mahsuli deb bilamiz, – deydi korxona ta’sischisi Murod Nosirov. – Bu yerda Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Buyuk Britaniya va Xitoy kabi farmatsevtikasi rivojlangan davlatlarning eng ilg‘or uskunalari ishlamoqda. Korxonamiz Markaziy Osiyoda “Yevropa GMP” litsenziyasiga ega yagona ishlab chiqarish va laboratoriya majmuasi hisoblanadi. Hozirga qadar Yevropa standartlariga asoslangan 130 turdagi avval import qilingan dori vositalarini mahalliylashtirdik. Ayni paytda yana 120 turdagi dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari davom etmoqda.

Darhaqiqat, bunday yuqori mezonlar mahsulot sifati, xavfsizligi va barqarorligini kafolatlaydi. Bu esa aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Majmuada yiliga ampula ko‘rinishidagi 120 million dona mahsulot ishlab chiqarish quvvati mavjud. Bu hajm asosida korxona 40 million dollarlik mahsulot tayyorlab, shundan 10 million dollarlik qismini eksport qilishni rejalashtirgan. Mahsulotlar Yevropa, Yaqin Sharq, Arab mamlakatlari va qo‘shni davlatlarga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda korxonada 100 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Kelgusida ishlab chiqarish kengayishi bilan bu ko‘rsatkich yana 100 taga oshadi. Keyingi bosqichlarda tabletka ishlab chiqarish hajmi 1 milliard dona, kapsulalar esa 400 million donaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Bu kabi loyihalar mamlakat farmatsevtika sanoatida yuqori texnologiyalarga asoslangan raqobatbardosh mahsulotlar turini kengaytirish, aholi salomatligini mustahkamlash va iqtisodiy barqarorlikka xizmat qiladi.
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy etilayotgan standartlar va zamonaviy korxonalar mamlakatimizda farmatsevtika sanoati to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi, import o‘rnini bosish, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va eksport imkoniyatlarining kengayishi esa butun sohaning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatini yanada kuchaytiradi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri