Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tibbiyot sohasida ilk bor Yevropa standartlari darajasidagi murakkab ortopedik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
“Chitkaron” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro Z.Xalimova chap oyoq to‘piq sohasida og‘ir jarohat bilan shifokorlarga murojaat qilgan. Tekshiruvlar natijasida chap distal boldirlar orasi sindesmoz shikastlanishi tashxisi qo‘yilgan.
Operatsiya jarayonida Yevropa tibbiyotida keng qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalar va maxsus tibbiy moslamalardan foydalanildi. Xususan, shikastlangan sindesmoz yakirli tugmachali fiksator (suture-button, tightrope texnologiyasi) yordamida tiklandi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu usul katta va kichik boldir suyaklari orasidagi anatomik to‘g‘ri holatni tiklash, oyoq to‘piq bo‘g‘imining barqarorligini ta’minlash hamda bemorning tezroq sog‘ayishiga xizmat qiladi. Shuningdek, kam invazivligi sababli operatsiyadan keyingi asoratlar xavfi kamayadi va reabilitatsiya jarayoni qisqa muddatda kechadi.
Amaliyot muvaffaqiyatli yakunlangan va hozirda bemorning umumiy ahvoli barqaror bo‘lib, u shifokorlar nazorati ostida reabilitatsiya muolajalarini olmoqda. Mutaxassislar tavsiyalariga amal qilinsa, bemorning to‘liq sog‘ayib, kundalik hayot faoliyatiga qaytishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA