Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Fulvio Martushello 31 mart kuni Buxoroda bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvda Yevropa Ittifoqi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib borayotganini ta’kidladi. Viloyat hokimi mehmonlarga mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Viloyatda xorijiy investitsiya ishtirokidagi 300 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Kogon tumanida Italiyaning “Italstone” So LTD kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan “Minokor” qo‘shma korxonasida qiymati 2,7 million AQSH dollariga teng ohaktoshni qayta ishlash loyihasi ishga tushirilgan.
Uchrashuvda Botir Zaripov italiyalik ishbilarmonlarni viloyatda tayyor to‘qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish, mehmonxonalar qurish, savdo va xizmat ko‘rsatish, elektr texnika jihozlari ishlab chiqarish, turizm va boshqa daromadli sohalarda ishlab chiqilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda hamkorlikka chaqirdi.
Fulvio Martushello Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan yaqin hamkorligidan foydalanib, yevropalik investorlarni viloyatga jalb qilish imkoniyati kengligini ta’kidladi. Bunda Buxoroda xalqaro aeroport mavjudligi muhim logistika qo‘rg‘oni vazifasini o‘taydi.
Yevropa davlatlarida viloyatning investitsion va turistik salohiyati haqidagi axborotlarni ko‘paytirish zarur. Chunonchi, birgina Italiyaning o‘zida 50 dan ortiq kompaniya nomiga Buxoro so‘zi qo‘shilgan. Ushbu davlatlardagi kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, viloyatda yangi-yangi loyihalarni ishga tushirish imkoni paydo bo‘ladi.
Muloqot yakunida viloyatning investitsion salohiyatiga oid videorolik namoyish qilindi. Yuqori martabali mehmon qadimiy Buxoroning diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA