O‘zbekistonda texnik tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va metrologiya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda, jumladan, Yevropa davlatlari tomonidan ijobiy baholanmoqda.
So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishlarda tizimli islohotlar amalga oshirilib, sohani modernizatsiya qilish, milliy standartlarni xalqaro va Yevropa standartlariga uyg‘unlashtirish, shuningdek, sifat infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Yevropa ittifoqi institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik izchil yo‘lga qo‘yilib, tajriba almashish, texnik ko‘mak ko‘rsatish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish samarali tus olmoqda.
Ayniqsa, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozor nazorati mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha erishilayotgan natijalar Yevropa ekspertlari tomonidan e’tirof etilmoqda. Muvofiqlikni baholash organlari faoliyatini xalqaro talablarga moslashtirish, laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamda metrologik nazoratni kuchaytirish orqali mamlakatning texnik infratuzilmasi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etilmoqda.
Bu islohotlar O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimidagi o‘rnini mustahkamlash, Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zA