Poytaxtimizda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda tinchlik va birlik qadriyatlariga bag‘ishlangan an’anaviy Yevropa kuni o‘tkazildi.
Yevropa kuni doirasida Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida klassik musiqa konserti bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian so‘zga chiqib, Yevropa kunining tashkil etilishi va undan ko‘zlangan maqsadlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri jamoasining klassik musiqa dasturi namoyish etildi.
Toshkent Botanika bog‘ida “Yevropa kuni” festivali o‘tkazildi. Unda Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekistonda moliyalashtirilayotgan 40 loyihaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyihalar gender tenglik va ayollar huquqlarini ilgarilatish uchun fuqarolik jamiyati, hamjamiyatlar va hokimiyat organlari qadriyatlarining mustahkamlanishi, qattiq chiqindilarni qayta ishlash tizimlari, Erasmus+ ta’lim dasturlari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oldi.
[gallery-11835]
– 2023 yil Yevropa ko‘nikmalar yili deb e’lon qilingani sababli, aholi vakillari bizning loyihalarimizga qiziqish bildirayotganlaridan juda mamnunman, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian. – Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekistonda moliyalashtirilayotgan dasturlar ichida ayollar, yoshlar va chekka viloyatlar aholisiga ta’lim olish imkonini beruvchi dasturlar bor. Bu loyihalar O‘zbekiston aholisiga ularning yanada kamol topishiga xizmat qiluvchi yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirishlari uchun ko‘proq imkoniyatlar taqdim etadi.
“Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda afg‘onistonlik ayollarni o‘qitish orqali ularning iqtisodiy imkoniyatlarini rivojlantirish” mintaqaviy loyihasining O‘zbekistondagi rahbari Ulug‘bek Kamoliddinov ham festivalda ushbu loyihani taqdim etdi.
– Bizning asosiy maqsadimiz afg‘on ayollari uchun muqobil o‘qish tizimi, muqobil kasb tanlash tizimini yaratib berish va bu orqali ularning iqtisodiy imkoniyatlarini mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu loyiha 2019 yildan boshlangan va hozir ikkinchi bosqichida davom ettirilmoqda. bugungi kungacha 155 nafar afg‘on ayolini TVET dasturi bo‘yicha o‘qitdik. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, TVET dasturi BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Toshkent davlat agrar universiteti bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi. Shu tariqa, 2027 yilga qadar davom etadigan loyihamiz bo‘yicha Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda ta’lim olayotgan 155 nafar afg‘on ayoli bizning bitiruvchilarimizga aylanadi, – dedi U.Kamoliddinov.
Festival doirasida tashkil etilgan o‘zbek estradasi yulduzlarining chiqishlari, mahorat saboqlari, ijodiy va sport tadbirlari ishtirokchilarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri