O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning o‘zaro manfaatli sohalardagi asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar “O‘zbekiston Respublikasi – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashining 16-yig‘ilishi va “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvi, shuningdek, mazkur tadbirlar doirasidagi ikki tomonlama muzokaralarning samarali natijalarini olqishladilar.

Bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasi bo‘yicha muzokara jarayoni bilan bog‘liq masalaga alohida e’tibor qaratildi.
2019 yil iyun oyida qabul qilingan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida ko‘zda tutilgan qo‘shma mintaqaviy dastur va tashabbuslarni amalga oshirish jarayoni tahlil qilindi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA