Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa Kengashi Prezidenti Buxoroda
16:57 / 2025-04-02

Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bugun O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamrohligida Buxoroga keldi.

Oliy martabali mehmonni Buxoro temiryo‘l vokzalida Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov va boshqa mutasaddilar kutib oldi. Tashrif dasturiga muvofiq Yevropa Kengashi Prezidenti Buxoroning tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan yaqindan tanishdi, qadamjolarni ziyorat qildi.

Antoniu Koshta Ismoil Somoniy maqbarasida bo‘ldi. Mehmonga maqbaraning tarixi, bu yerda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik, ta’mirlash-tiklash ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Mehmon mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash ishlariga yuqori baho berdi va davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni e’tirof etdi.

[gallery-22621]

Shundan so‘ng mehmon Ark qo‘rg‘onida ham bo‘ldi. Delegatsiyaning navbatdagi manzili Poyi-Kalon majmuasi bo‘ldi. Poyi-Kalon Buxoroning eng ko‘zga ko‘ringan tarixiy qadamjolaridan sanalib, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning eng diqqatga sazovor joylaridan. Tarixiy va me’moriy obidalar oliy martabali mehmonda katta qiziqish va hayrat uyg‘otdi.

Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta Buxoroga tashrifi chog‘ida Buxoro gilamchilik markazida bo‘lib, bu yerda ipakdan to‘qilayotgan turli hajmdagi gilamlarning to‘qilish jarayonini kuzatdi va gilamdo‘zlarning qo‘l mehnati bilan yaralayotgan mehnat mahsuliga yuqori baho berdi. 
– Qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Nafis va go‘zal gilamlarning to‘qilish jarayonini kuzatish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Hayratdaman, – deydi Yevropa Kengashi Prezidenti. 

Mehmonlar Buxoro shahrining tarixiy qismida kashtachilik, temirchilik, pichoqchilik va boshqa hunarmandchilik mahsulotlari bilan tanishdi. Buxoroning qadimiy hunarmandlik an’analarini aks ettirgan bozor va rastalar ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Shuning bilan Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshtaning Buxoroga tashrifi yakunlandi. Martabali mehmon shu kunning o‘zida Samarqand shahriga jo‘nab ketdi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari