Kelayotgan yozda Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatini boykot qilish g‘oyasi Grenlandiya bo‘yicha tortishuv asnosida Yevropada qizg‘in muhokama mavzusiga aylandi, deb yozgan “Economist” nashri.
2026 yilgi mundialda birinchi marta 48 jamoa ishtirok etadi va ilk bor musobaqa uch mamlakat - AQSH, Meksika va Kanadada o‘tkaziladi. Turnir 11 iyun-19 iyul kunlariga belgilangan.
2028 yil Yozgi Olimpiya o‘yinlariga esa Los-Anjeles mezbonlik qiladi.
- Bryusseldagi kayfiyat hozir, Grenlandiyadagi vaziyatni hisobga olgan holda, juda tushkun, - deya ta’kidlagan maqola muallifi. - Jahon chempionatini boykot qilish haqida gap-so‘zlar bor... Bu AQSH tomonidan 1980 yil bo‘lib o‘tgan Moskva Olimpiadasi boykot qilinganini eslatuvchi holat.
Shuningdek, yevropaliklar Qo‘shma Shtatlarga “javob berishga qaror qilsa”, vaziyat yanada yomonlashishi mumkinligi ham ta’kidlangan.
Avvalroq, Prezident Donald Tramp NATO Bosh kotibi Mark Ryuttega qo‘ng‘iroq qilib, u bilan Grenlandiya masalasini muhokama qilgan.
Shuningdek, Davosda Grenlandiya masalasi bo‘yicha turli tomonlar bilan uchrashuv o‘tkazishga rozi bo‘lganini aytgandi.
Grenlandiya Daniya Qirolligining bir qismi, biroq Amerika yetakchisi orol Qo‘shma Shtatlar tarkibiga kirishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Daniya va Grenlandiya rasmiylari Vashingtonning orolni egallash fikridan qaytarishga urinib, hududiy yaxlitlik tamoyiliga hurmat ko‘rsatilishi lozimligini ta’kidlab keladi.
S.Rahimov, O‘zA