Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Termizda
14:57 / 2025-11-11

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Suhbat chog‘ida  o‘ninchi Yevropa kinofestivalining Termiz shahrida o‘tkazilishi yuzasidan fikr almashildi.

Bu tashabbus xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishda muhim qadam ekani ta’kidlandi. 

Yevropa kinofestivali doirasida ertaga Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da kino ixlosmandlari e’tiboriga yevropalik rejissyorlar tasvirga olgan Litvaning “Dekadent №2419”, Avstriyaning “Ringdagi qirolicha” va Fransiyaning “Divertimento” filmlari taqdim etiladi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchixonalari hamkorligida, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi ko‘magida tashkil etilayotgan festivalda barcha filmlarni tomosha qilish bepul bo‘lib, ular original tilda, o‘zbek yoki rus tilidagi subtitrlar bilan namoyish qilinadi.

Uchrashuvda viloyat rahbari elchiga festivalni Termiz shahrida o‘tkazish tashabbusi va ko‘rsatgan amaliy ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, madaniyat va san’at, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamli transformatsiya hamda boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri