Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lida...
15:36 / 2023-09-27

AQSH Kongressi Senatidagi Demokratlar va Respublikachilar federal hukumatni moliyalashtirish to‘g‘risidagi tashabbusni ko‘rib chiqishni 17 noyabrgacha uzaytirishga kelishib oldilar. Bu hujjatda Oq uy Ukrainaga yordam tariqasida so‘ragan 24 milliard dollardan, taxminan, 6 milliardini ajratish masalasi ham bor.

Qo‘shma Shtatlar Ukraina hududida hamkorlikda harbiy texnikaning ayrim turlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishini mo‘ljallayapti. Bu haqda mudofaa vazirining sotib olish va moddiy-texnika ta’minoti bo‘yicha o‘rinbosari Bill Laplant ma’lum qildi.

“Biz avstraliyaliklar bilan ayrim qo‘shma mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib,hatto, bu ishga ukrainaliklarni ham qo‘shmoqchimiz”, degan mulozim. Laplant loyiha tafsilotini anglatmagan.

“AQSH Ukrainada yirik mudofaa-sanoat majmuasi qurilishida qat’iyat ko‘rsatadi, ayni yo‘nalishdagi hamkorlikni yaqin oylarda boshlash ustida ish olib boryapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan vazir o‘rinbosari.

Ukraina hukumati milliy ozchilik va mahalliy xalqlar huquqini himoya qilish dasturini tasdiqlash orqali Kiyevning YeIga kirish bo‘yicha muzokara boshlash yo‘lida Yevrokomissiyaning barcha tavsiyalarini bajardi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Denis Shmigal bayonot berdi.

“O‘tgan yil iyun oyida YeI a’zoligiga nomzodlik jarayonida Yevrokomissiyadan islohot o‘tkazish uchun yettita tavsiya olgan edik. Bugun biz “Birlik rang-baranglikda” nomli dastur qabul qildik. Hujjat milliy ozchilik va mahalliy xalqlar huquqi va imkoniyati bo‘yicha sharoit yaratishga qaratilgan.

Bolgariya Prezidenti Rumen Radev mamlakat Qurolli kuchlari Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib beruvchi donor mamlakatga aylangan, deb hisoblashini aytdi.
“Pozitsiyamiz aniq – hukumat va parlament Bolgariya armiyasining mudofaa qudratini rivojlantirishi, tizim xorij armiyasi uchun donor bo‘lib qolmasligini ta’minlashi kerak”, degan u.

Ukraina parlamentidagi aksil korrupsiya siyosati masalasi bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Yaroslav Yurchishin Vashington Kiyevga harbiy yordam berish uchun mamlakatda islohot o‘tkazish bo‘yicha ro‘yxat yo‘llagani xato qadam bo‘lganini bildirdi.

“Islohot qilish bizning ichki vazifamiz, bu Xalqaro valyuta jamg‘armasi vositalariga, yevrointegratsiya rejasiga, NATOga qo‘shilishga bog‘lanishi mumkin. Ukraina mudofaasi – G‘arb qadriyatining amaldagi mudofaasi”, dedi u “NV” radiosiga.

Mulozim fikricha, qurol-aslaha berishni Ukrainadagi islohotga bog‘lash uzoqni ko‘ra olmaslik siyosati.

Avvalroq AQSH tomoni Kiyevga istiqbolda harbiy yordam ko‘rsatish uchun islohot o‘tkazish zarurligi haqida gapirgan edi.

Niderlandiya 2024 yil Ukrainaga qiruvchi F-16 uchoqlari berishi mumkin, deya bayonot berdi Qirollik mudofaa vaziri Kaysa Ollongren “MSNBC” telekanaliga intervyusida.

Xitoy MAGATEning Ukraina hududidagi yadro ob’ektlari xavfsizligini ta’minlash ishini yuqori baholaydi. Bu haqda XXR Davlat mudofaa, ilm-fan, texnika va sanoat boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Lyu Szin bayonot bergan.

Isroil harbiy bo‘lmagan yordam ko‘rsatish doirasida Ukrainaga yadro xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘lik uskuna taqdim etgan. Bu haqda mamlakat Atom energiyasi bo‘yicha komissiyasi rahbari Moshe Edri ma’lum qildi.

Polsha Mudofaa vazirligi bilan hamkorlik davom etadi, yaqin orada ikki vazirning telefon muloqoti o‘tkaziladi, dedi Ukraina vaziri Rustem Umerov “CNN” telekanali muxbiriga.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ham Varshava bilan munosabatni tiklaydi, deya ta’kidlagan.

“Polsha bilan inqiroz cho‘zilishini istamaymiz. Biz bu davlatni hurmat qilamiz, polyak xalqining bizga ko‘rsatgan yordamidan minnatdormiz”, degan vazir.

Abror Xon, O‘zA