Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa Ittifoqidan O‘zbekistonga 83 million yevro miqdorida grantlar ajratish nazarda tutilmoqda
11:25 / 2022-02-11

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining tashrifi doirasida Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzokov Yevropa komissiyasi ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi strategik munosabatlarning bugungi holati va ularni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Asosiy yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotgani va turli darajadagi faol muloqot yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Bu hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga tomonlarning niyatlarini aks ettiradi.

Ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, “YeI – Markaziy Osiyo” sammiti, “YeI – Markaziy Osiyo” shaklidagi Vazirlar uchrashuvi hamda yaqin kelajakda Yevropa Ittifoqi yuqori darajadagi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Mazkur tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularning kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishildi. Shuningdek, Yevropa tomoniga shu yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun taklifnoma topshirildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik muhokama qilindi. 2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,9 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga O‘zbekistondan uskunalar, shuningdek to‘qimachilik, kimyo, charm-poyabzal sanoati mahsulotlari eksportining o‘sishi kuzatildi. Mamlakatning Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo sheriklari Germaniya, Litva va Italiyadir. Tomonlar qo‘shimcha vositalardan foydalangan holda o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar.

Jumladan, 2021 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlariga o‘zbek tovarlari eksporti 30 foizga oshgani tufayli Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi (GSP+) benefitsiari maqomini olish orqali O‘zbekistonga taqdim etilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston tomoni mamlakatda mehnatni muhofaza qilish va inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish, shuningdek, ushbu maqomni olish jarayonida O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan barcha 27 xalqaro konvensiya qoidalarining talablarini samarali joriy etish uchun O‘zbekistondagi YeI delegatsiyasi va YeIning tegishli institutlari bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishi bildirdi.

Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik (KSHHTB) to‘g‘risidagi Bitim matnini kelishish bo‘yicha birgalikdagi ishlarning borishi o‘rganildi. Muzokaralar jarayonini faollashtirish va yaqin vaqt ichida Toshkentda muzokaralarning navbatdagi raundini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ikki tomonlama muzokaralar jarayonini jadallashtirishga, shuningdek, yaqin kelajakda Jenevada (Shveysariya) O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining 5-yig‘ilishini tashkil qilish imkoniyatlari ustida ish olib borishga kelishib oldilar.

Moliyaviy-texnikaviy hamkorlik masalalari alohida tartibda muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekistonda islohotlarni ilgari surish, inson huquqlarini himoya qilish va fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim loyihalarni amalga oshirish uchun Yevropa Ittifoqidan 83 million yevro miqdorida grantlar ajratishni nazarda tutadigan O‘zbekiston bilan 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning Indikativ dasturini hayotga joriy etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.

Yevropa investitsiya banki (YeIB) bilan hamkorlik faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Ayni paytda Orolbo‘yi mintaqasida issiqlik va suv bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash, biznesni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohalarida qator loyihalar ko‘rib chiqilmoqda.

Trast jamg‘armasining inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyati bilan bog‘liq masalalarga ham e’tibor qaratildi. Jamg‘arma faoliyati va hududda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordam uchun Yevropa tomoniga minnatdorlik bildirildi. Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda YeI jamg‘armaning eng yirik donorlardan biri hisoblanadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar umumiy vazifalarni hal etishda ikki tomonlama sheriklik va yaqin hamkorlikni izchil kengaytirish va mustahkamlashga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Go‘zal Sattorova, O‘zA