Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala hamda mazkur tashkilotning inson huquqlari bo‘yicha vakili Eymon Gilmor bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati hamda istiqbollari, jumladan, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlarga O‘zbekistonda inson huquqlari, gender tenglik, mehnat munosabatlari sohasidagi jarayonlar, Oliy Majlis va Yoshlar parlamenti faoliyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Yangi O‘zbekiston barpo etishda mamlakatda kechayotgan muhim siyosiy jarayonlarda, xususan, konstitutsiyaviy islohotlarda, shuningdek, demokratik yangilanish va o‘zgarishlarda parlamentning o‘rni alohida e’tirof etildi.
Senat Raisi O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan asosiy xalqaro hamkor sifatida o‘zaro manfaatli sheriklikni izchil rivojlantirishdan, bunda o‘zaro munosabatlarning barcha yo‘nalishlarini qamrab olish uchun birgalikda harakat qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi vakillari O‘zbekistonda keyingi yillarda jamiyat hayotining barcha sohalarida kechayotgan o‘zgarishlar, islohotlar izchilligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlash, ularning jamiyat va oiladagi mavqeini mustahkamlash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qamrovi jihatidan kengayib borayotgan ikki tomonlama muloqotni amaliy mazmun bilan yanada boyitishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA