Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa Ittifoqi va FTA O‘zbekistondagi "Yashil o‘tish"ni qo‘llab-quvvatlamoqda
14:55 / 2023-05-17

17 may kuni Samarqandda Yevropa Ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) O‘zbekistonning 2030 yilga kelib yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishga qaratilgan bitimni imzoladi.

Rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar O‘zbekiston hukumatiga mamlakat aholisining umumiy manfaati uchun atrof-muhit va tabiiy resurslarni asrab-avaylagan holda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarida yordam berishga qaratilgan.

Yevropa Global darvoza strategiyasi va Yevropa Ittifoqining yashil siyosati ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq, kelishuvning maqsadi yuqori ekologik standartlarga rioya qilish uchun sharoit yaratish, hukumatning turli sohalarda yashil iqtisodiyot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda imkoniyatlarini oshirish va aholini barqaror ish bilan ta’minlashdir.

Team Europe (Yevropa jamoasi) tashabbusi doirasida Yevropa ittifoqi O‘zbekistonga 10,2 million yevro miqdorida grant yordamini taqdim etadi. Bundan tashqari, yashil iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosati masalalarida FTA tomonidan jami 375 million yevro miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan (shundan 150 million yevro o‘zlashtirishga taqdim etilgan).

Imzolash marosimida Yevropa Komissiyasi Xalqaro sheriklik bo‘yicha Bosh direktoratining (DG-INTPA) bosh direktori o‘rinbosari Miriam Ferran xonim, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Ilhom Norqulov va Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori janob Remi Riu ishtirok etdi.

Yevropa Ittifoqi o‘z xalqlarining ilg‘or yutuqlari, resurslari va taqdirlarini birlashtirgan 27 a’zo davlatdan iborat. 60 yil davomida ular birgalikda madaniy xilma-xillik, shaxsiy erkinlik va bag‘rikenglik muhitini saqlab, barqarorlik, demokratiya va barqaror rivojlanish hududini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi doimiy ravishda o‘z yutuqlari va qadriyatlari bilan chet el mamlakatlari va xalqlarini tanishtirish va tajribasini taqdim etishga intilmoqda.

Fransiya taraqqiyot agentligi Fransiyaning xalqaro rivojlanish va birdamlik siyosatini amalga oshiradi. NNT va davlat sektorini moliyalashtirish, tadqiqot va nashrlar orqali AFD yanada adolatli va barqaror dunyoga o‘tishni qo‘llab-quvvatlaydi va tezlashtiradi. Shuningdek, Fransiya bo‘ylab barqaror rivojlanish bo‘yicha treninglar (AFD kampusida) va boshqa xabardorlik tadbirlarini o‘tkazadi.

O‘zA.