Yevropa ittifoqi bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha muloqot
Toshkentda 23-27-sentyabr kunlari Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha kelishuvlarning uchinchi davrasi boʻlib oʻtdi.
Toshkentda 23-27-sentyabr kunlari Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha kelishuvlarning uchinchi davrasi boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar natijasida uchta ishchi guruhi aʼzolari tomonidan tegishli sohalar boʻyicha yaqin munosabatlarni yoʻlga qoʻyish uchun asos boʻladigan hujjat loyihasi ustida samarali ish olib borildi.
Tadbirda Oʻzbekiston tomonidan qator manfaatdor vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari, Yevropa Ittifoqi nomidan Yevropa tashqi harakatlar xizmatini boshqaruvchi direktor oʻrinbosari Lyuk Devin boshchiligidagi 15 nafar ekspertdan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 25 yil toʻldi. Shu bilan birga, keyingi yillarda oʻzaro munosabatlar mutlaqo yangicha mazmun kasb etdi. Jumladan, oʻziga xos turgʻunlik davri ortda qolib, jadal va izchil oʻsish surʼati namoyon boʻlmoqda. Ayni oʻzgarishlar mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar bilan hamohang ekani, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega.
Ushbu hamkorlik doirasida Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida qator tashriflar amalga oshirildi. Xususan, Yevropa kengashi Prezidenti Donald Tusk hamda Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakil, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Federiko Mogerinining mamlakatimizga tashrifi shular jumlasidan. Umuman, Yevropa Ittifoqi Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash, xususan, Markaziy Osiyodagi yetakchi mamlakatlardan biri sifatida Oʻzbekistondagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda.
“Siyosat va xavfsizlik”, “Savdo va u bilan bogʻliq masalalar”, “Iqtisodiy, sektoral va boshqa masalalar” deb nomlangan ishchi guruhlar doirasida kechgan muloqotlar Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yanada yaxshilash, sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishga qaratildi. Muhokamalar siyosat va xavfsizlikdan tortib, iqtisodiyot, savdo, taʼlim, sogʻliqni saqlash, energetika, atrof-muhit kabi koʻplab sohalarni qamrab oldi.
Savdo sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni koʻzda tutuvchi ishchi guruhi yigʻilishida mutaxassislar bir qator muhim masalalarni kelishib oldi.
– Bitim loyihasining savdo bilan bogʻliq bandlari juda muhim va katta qismdan iborat, – deydi Yevropa komissiyasi savdo boʻyicha Bosh direktorligining Markaziy Osiyo boʻlimi boshligʻi Petros Surmelis. – Toshkentdagi muhokamalar juda samarali oʻtdi. Oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan katta hajmdagi ishlarni olib bordik. Taqqoslash uchun aytishim mumkinki, Bryusselda oʻtgan kelishuvlarning ikkinchi davrasida loyihaning 7 ta bobini koʻrib chiqqan boʻlsak, bu gal rejadagi 13 ta bobni toʻliq muhokamadan oʻtkazdik.
Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha kelishuvlar hali davom etadi. Navbatdagi muloqot videokonferensiya koʻrinishida oʻtadi, keyin kelishuvlarning toʻrtinchi davrasi tashkil etiladi.
Ushbu bitimning imzolanishi Oʻzbekistonda biznes va investitsiya muhitini yaxshilash, mamlakatimizga xorijiy sarmoyadorlarni yanada keng jalb qilishga yordam beradi. Shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega. Hujjat Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish imkoniyatlarini ham oshiradi.